QO’MITA
QO’MITA — 1) maxsus tadbirlarni o’tkazish yoki biron-bir sohaga rahbarlikni amalga oshirish uchun tuziladigan davlat organi. O’zbekiston Respublikasida bunday organ Prezidentning farmoniga asosan tashkil etiladi va tugatiladi hamda Oliy Majlis palatalari tasdig’iga kiritiladi. Ular vakolatining chegarasi farmonda va shu organlar to’g’risida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan nizomda ko’rsatiladi. Ushbu organlar rahbari etib O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan rais tayinlanadi. Qo’mita rahbarlarining buyrug’iga asosan quyi organlar tashkil qilinishi mumkin. O’zbekistonda davlat qo‗mitalari va qo’mitalar mavjud. Qo’mitalar — O’zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo’mitasi; O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo’yicha qo’mita; 2) siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari va boshqalarda saylab qo’yiladigan kollegial rahbar organ (partiya markaziy qo’mitasi, kasaba uyushma qo’mitasi va v.k.).