Qon quyilishi
Qon quyilishi — qon tomirlari o’tkazuvchanlik xususiyatining oshishi yoki shikastlanib yorilishi natijasida organizm bo’shliqlari va to’qimalarida qon to’planishi. Qon quyilishi qon tomirlari shikastlanganda, qonning ivuvchanligi buzilganda kuzatiladigan ichki qon ketishining oqibatidir. Qon quyilganda u to’qimalarga singishi yoki bir joyda to’planib va gematoma hosil qilib to’qimalarni chetga surib qo’yishi mumkin. Quyilgan qon to’qimalarda yallig’lanish reaktsiyasini hosil qiladi, ularni qon bilan ta’minlovchi mayda qon tomirlarini bosib qo’yadi, natijada og’riq ro’y beradi. Teri va teri osti kletchatkasining qonga bo’kishi mo’mataloq paydo bo’lishiga olib keladi. Oz miqdorda quyilgan qon to’la so’rilib ketadi. Qon quyilishining organizm uchun xavfliligi uning joylashgan joyiga bog’liq. Masalan, miya to’qimasiga quyilgan qon muskullar, bo’g’imlar bo’shlig’iga quyilgan qondan ancha kam bo’lsa ham, nihoyatda xavflidir. Qon quyilishini davolash uning joylashishi va paydo bo’lish sababiga ko’ra belgilanadi. Qorin bo’shlig’idagi ko’payib boruvchi qon to’planishi Qon quyilishi emas, balki bo’shliqdan qon ketishi deyiladi, chunki bunday hollarda orga- nizm uchun xavfli qon yo’qotish (o’tkir kamqonlik) bilan bog’liq bo’lgan buzilishlar yuzaga keladi.