Qo’ng’iroq

Qo’ng’iroq — 1) qadimgi Musiqa cholg’usi, urma idiofon. Darak berish, shuningdek, yovuz ruhlar, balo-ofatlarni haydash maqsadida ko’pgina xalqlarda (jumladan, O’rta Osiyoda ham) qo’llangan. Temirdan, ichi bo’sh, tagi kesilgan nok shaklida yasaladi. Uzoqdan eshitiladigan tovushi ichida osilgan tilchasining asosiy tanasiga urish natijasida hosil bo’ladi. Yevropada 4-6-asrlardan katta Qo’ng’iroqlarni ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. Eng yiriklari Rossiyada (masalan, Moskvadagi 200 tli «Shoh-Qo’ng’iroq») chiqarilgan. Qo’ng’iroqlar xristianlik, buddizm va boshqa diniy marosimlar jarayonida qo’llanadi; 2) qo’ng’iroqlar — simfonik orkestr tarkibidagi urma musiqa cholg’usi. 2 metr balandlikdagi romga osilgan, turli uzunlikdagi 12-18 temir (jez, po’lat va boshqalar) trubkadan iborat. Ularni maxsus bolg’achalar bilan urib, oddiy Qo’ng’iroqdan farqli o’laroq muayyan balandlikka ega, xromatik tarzda sozlangan tovushlar (diapazoni 1 — 1,5 oktava) chiqariladi; 3) qo’ng’iroqchalar — simfonik musiqa, opera va baletlarda qo’llanilgan musiqa cholg’usi. Quti ichida joylashgan 25-32 turli uzunlikdagi metall plastinkadan iborat. Diapazoni 2-2,5 oktava, xromatik tovushqatorga ega.