Qopchig’ay adiri
Qopchig’ay adiri — Farg’ona botig’ining Janubiy qismi (Farg’ona viloyati)dagi adir. Janubdan Yormozor adirorti botig’i, shimoldan So’x, Aravon-Shahrixon daryolari yoyilma konsuslari bilan o’ralgan. Janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa 20 kilometrga yaqin masofaga cho’zilgan, eni 1-1,5 kilometr. Eng baland joyi 735 metr. Janubi- g’arbga pasayib boradi. Shimoliy yon bag’ri qiyaroq. Yon bag’irlari ko’plab quruq soy va jarliklar bilan kesilgan. Tektonik jihatdan braxian-tiklinal struktura. To’rtlamchi davrda yangi tektonik harakatlar ta’sirida ko’tarilgan. Paleogen, neogen va to’rtlamchi davr konglomeratlari, gillari, shag’al toshlardan tashkil topgan. Bular lyossimon jismlar bilan qoplangan. Iqlimi kontinental. Yozi issiq, 200-250 mm yog’in tushadi. Bo’z tuproqlar tarqalgan, rang, qo’ng’ir-bosh, shaytonkavush va boshqa o’simliklar o’sadi. Hayvonlardan kalamush, qo’shoyoq, bo’rsiq, jayra, tulki, ilonlar, kaltakesaklar va boshqalar uchraydi. Adir hududi yaylov sifatida foydalaniladi.