«Qo’qonspirt» davlat-aktsiyadorlik jamiyati
«Qo’qonspirt» davlat-aktsiyadorlik jamiyati — spirt sanoatining yirik korxonasi. «O’zspirt-sanoat» aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Qo’qon shahridan 7 kilometr uzoqlikdagi Muqimiy shaharchasida joylashgan. Bug’doydan liker-araq, tibbiyotda ishlatiladigan tozalangan «ekstra» va yuqori darajada tozalangan etil spirti, xalq xo’jaligida ishlatiladigan boshqa ikkilamchi mahsulotlar ishlab chiqaradi. 1991 yilda o’g’itlar va sulfat kislota ishlab chiqaradigan yangi Qo’qon kimyo zavodi (1983) negizida oziq-ovqat spirti ishlab chiqaradigan «Qo’qon» ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi. Qayta rekonstruktsiya qilinib, yillik quvvati 1,8 million dal bo’lgan 1-navbati 1995 yildan mahsulot ishlab chiqara boshladi. 1998 yilda 2-navbati (yillik quvvati 0,9 million dal) ishga tushirildi. 2000 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati (ustav fondi 10127,6 million so’m; aktsiyalar paketining 51% davlatga, 47% chet el investorlariga, 2% mehnat jamoasiga tegishli). Mahsulotlari «O’zmevasabz avotuzumsanoatxolding» kompaniyasi korxonalariga etkazib beriladi, qo’shni davlatlarga eksport qilinadi. 2004 yilda 988,1 ming dal spirt ishlab chiqarildi. Abdukarim Umarov.