Qora qo’ng’izlar
Qora qo’ng’izlar — qattiqqanotlilar turkumiga mansub qo’ng’izlar oilasi. 12 mingdan ortiq turi bor. O’rta Osiyoda ko’pgina turlari tarqalgan. Tanasining uzunligi 2-50 millimetr; qo’ng’izlarining rangi ko’pincha qora (nomi ham shundan), ba’zan qo’ng’ir; dumaloq, tayoqchasimon shakllarda. Yon tomonlari qirrali, oldingi juft oyoqlari kuchli rivojlangan, boshi bo’rtib chiqqan, panjasi oddiy tirnoqli. Ko’pchilik qo’ng’izlarning ust-qanoti chok bo’ylab qo’shilib o’sgan, orqa qanoti yo’q, uchmaydi. Lichinkasi uzun, chuvalchangsimon, sariq, ko’rinishi simqurtga o’xshash. Qo’ng’izlari va lichinkasi qishlaydi. Qo’ng’izlari erta bahordayoq paydo bo’ladi. Odatda, kechasi faol. Tuxumini tuproqqa (300 tacha) qo’yadi. Lichinkasi tuproqda 18 oy hayot kechiradi. Ikki yilda bir avlod beradi. Ko’pgina Qora qo’ng’izlar (masalan, qumloq sustkashi, makkajo’xori sustkashi, dasht sustkashi) sabzavot, texnika va boshqa ekinlar zararkunandasi. Boshqa turlari esa ombor va tegirmondagi g’amlab qo’yilgan oziq- ovqatlarga, paxta tozalash zavodlaridagi mahsulotlarga zarar keltiradi (masalan, mitalar).