Qora qo’yunlilar davlati

Qora qo’yunlilar davlati — o’rta asrlarda Ozarbayjon va G’arbiy Erondagi davlat (1410-68). Bahorlu qabilasi yetakchiligida ko’chmanchi turk-o’g’uz qabilalari birlashmasi tomonidan barpo etilgan. Bu qabilalar dastlab (14-asr) Van ko’lining Sharqiy hududida yashaganlar. Amir Temur G’arbiy Osiyoga harbiy yurish qilganida qora qo’yunlilar (qora qo’ylilar) qabilalari Sohibqiron va uning ittifoqchisi oq qo’yunlilarga qarshi kurashganlar. Qora qo’yunlilar Usmoniylar va Jaloyiriylar davlatini qo’llab-quvvatlashgan. Amir Temur vafotidan so’ng qora qo’yunlilar sardori qora Yusuf jaloyiriylarga Mironshohni yengishda yordam bergan (1408), biroq keyinchalik Jaloyiriylar bilan nizolashib, ular qo’shinini Tabriz yaqinida tor-mor keltirgan (1410), Ozarbayjon (kura daryosining Janubdagi yerlar), Iroq, Armanistonni egallab olgan. Qora Yusuf (1410-20) va Iskandar (1420-37) davrida Qora qo’yunlilar davlati Temuriylar, Shirvonshohlar va Gruziya bilan urushlar olib borgan. 1435 yil Shohrux Shirvonshoh bilan birgalikda Qora qo’yunlilar davlati qo’shinini tor-mor keltirgan. temuriylarga tobelikni tan olishga majbur bo’lgan Jahonshoh (1437-67) taxtga o’tqazilgan. Shohrux vafotidan so’ng (1447) Jahonshoh o’zini mustaqil deb e’lon qilgan. 1453-57 yillarda qora qo’yunlilar G’arbiy Eronni bosib olishgan. 1467 yil Jahonshoh qo’shini oq qo’tonlilar tomonidan tor-mor keltirilgan, Jahonshoh o’ldirilgan. 1468 yil Qora qo’yunlilar davlati hududi oq qo’yunlilar davlati tarkibiga qo’shib olingan.