Qora tuproqlar
Qora tuproqlar — tuproq tipi. Asosan, lyossimon qumoqlarda dashtlarning quruq mo’tadil sovuq iqlimida va davriy ravishda yuviladigan yoki yuvilmaydigan suv rejimida, ko’p yillik o’t o’simliklar ostida shakllangan, gumusga boy. 1896 yilda rus tuproqshunos olimi V.V. Dokuchaev tuproq tipi sifatida ta’riflab bergan. Karbonatli ona jinsi, asosan, lyoss va lyossimon qumoqlar, uch- lamchi davr neogen yotqiziqlari, gilli jinslar, sho’rlangan jinslar, ellyuvial jinslardan iborat. Qora tuproqlar organik moddalar, jumladan, chirindi (gumus) ning ko’pligi, donador strukturasi, yuqori unumdorligi bilan tavsiflanadi. O’simliklari o’tmishda o’rmon- dasht zonasining tabiiy o’simliklari, o’rmonlar dasht o’tloqlari bilan almashib turgan. Hozirgi vaqtda Qora tuproqlar maydonlarining asosiy qismi haydalib, o’zlashtirilgan. Dashtlardagi tabiiy o’simliklar har yili ko’plab organik massa qoldiradi (100-200 ts/ga), uning 40-60% o’simliklarning ildizidan iborat; gumusli qatlam yupqa (25 santimetrdan kam) — 120 santimetrdan ortiq, nordonligi — rn 5,6—8,0, nam sig’imi 38-43%. Qora tuproqlar podzollashgan, ishqorsizlangan, tipik, oddiy, Janub kabi 5 ta tipchaga bo’linadi. Yer sharida Qora tuproqlar maydoni 240 million gektar. Asosan, Yevrosiyo, Shimol va Janubiy Amerikani egallagan Qora tuproqlar zonasi Yevrosiyoda, Yevropaning g’arbi va janubi-sharqi, Mongoliya va Xitoygacha davom etadi. Shimoliy Amerikada Qora tuproqlar AQSh ning ba’zi g’arbiy Shtatlari va Kanadaning Janubiy provintsiyalarini egallagan; Janubiy Amerikada Janubiy Argentina va Chilining Janubiy tog’ etagi rayonlarida joylashgan. Moldaviya, Ukraina, Rossiyaning Markaziy viloyatlari, shim. Kavkaz, Volgabo’yi, G’arbiy Sibirda tarqalgan. Qora tuproqlarda kuzgi va bahorgi bug’doy, qand lavlagi, kungaboqar, nasha, zig’ir, bog’dorchilik, sabzavotchilik va tokchilik, chorvachilik rivojlangan. Qora tuproqlar unumdorligini oshirishda nam to’plash va undan unumli foydalanish asosiy ahamiyatga ega. Qora tuproqlar suv rejimini yaxshilash uchun sug’orish o’tkaziladi, ihota daraxtlari ekiladi va boshqalar. Xodimat Maxsudov.