Qorabolg’asun
Qorabolg’asun, Xara-Balg’as — Uyg’ur xonligi poytaxti — O’rdu baliq xarobasi (8-9-asrlar). Yenisey qirg’izlari tomonidan 840 yil bosib olinib, yondirib yuborilgan. O’rxun daryosining so’l qirg’og’ida, Erdenidzu monastiri (MXR) dan 15 kilometr shimolda joylashgan. Qorabolg’asunning Markaziy qismi tuproq tepalar bilan o’rab olinib, u qal’a va arkdan Janub-g’arbda bo’lgan. Qal’a va arkning istehkomlari va xom g’ishtdan ishlangan devorlari 10-12 metr balandlikda saqlanib qolgan, Ark o’rtasidagi qo’riqchi minora balandligi 14 metr. Shahar qat’iy reja asosida qurilgan. Shahar atrofida rabod xarobalari, ekinzorlar, sug’orish kanallari, chorbog’lar, bog’lar izlari saqlangan. Qorabolg’asun xarobalarini rus sayyohlari N.M.Yadrintsev (1889) va V.V.Radlov (1891) tavsiflashgan. 1949 yil S.V.Kiselyov rahbarligidagi tarix-etnografiya ekspeditsiyasi qazishma ishlari olib borgan. Qal’a ichida saroy binosi, Ark tepasida — ko’p qavatli bino, shahristonda — temirchi-hunarmandning uyi aniqlangan. Qorabolg’asundan uyg’urlarning 8-9-asrlarga oid sopol idishlari chiqqan. Vayronagarchilik va shaharga o’t qo’yilganligining izlari saqlangan. Qal’adan Jan.da ibodatxonalar majmui joylashgan, unga yondosh turar joylar uyg’ur xoqonlariga tegishli bo’lgan: bu yerda ajdarho tasviri o’yib ishlangan fanit stela (ustun) topilib, unga 9-asrdagi uyg’ur xoqonlaridan biri sharafiga bitiklar (uyg’ur, Xitoy va Sug’d tilida) yozilgan.