Qorabovur
Qorabovur — Ustyurt PLAtosining Markaziy qismidagi qir. Qoraqalpog’iston va Qozog’iston Respublikalari hududida. Shimoliy-g’arbdan Janubi- sharqqa qariyb 220 kilometrga cho’zilgan. Eni o’rta qismida keng, 120 kilometrdan ortiq. O’rtacha balandligi 200 metr, shimoli-g’arbida 290 metrgacha. Yer yuzasi tekis, yon bag’irlari quruq soylar bilan kesilgan. Trias, yura, bo’r, paleogen va neogen cho’kindi tog’ jinslaridan tashkil topgan. Ularning ustida sarmat davri ohaktoshlari tarqalgan, ohaktoshlar orasida gipsli mergel va gil qatlamlari uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Qishi sovuq, temperatura qishda -30° gacha, yozi issiq, quruq, davomli, eng yuqori temperatura 44°. Yillik yog’in 150 mm gacha. Karst relef shakllari (karst voronkalari, diametri 30 metrgacha, chuqurligi 16 metrgacha), ostida ko’llar mavjud bo’lgan g’orlar uchraydi. Sur-qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. O’simlik qoplami siyrak, shuvoq, sho’ra va boshqa o’simliklar o’sadi. Hayvonot dunyosi cho’lga xos.