Qoracho’rin

Qoracho’rin — G’arbiy Turk xoqonligi hukmdorlaridan biri (576— 603). Istamining o’gli. Qoracho’rin 576 yil Istami yabg’u vafot etgach, uning o’rnini egallaydi. Qoracho’rin otasining ishini davom ettirib, asosiy e’tiborni G’arbga, xususan, Sosoniylar Eroniga qaratadi. Qoracho’rin davrida Turk xoqonligi — sosoniylar siyosiy munosabatlarida xoqonlikning qo’li baland kela boshlaydi. 6-asrning oxirgi choragiga kelib xoqonlikning Sharqiy qismida boshbosh- doqlik avj ola boshlagan. Taspar xoqon vafot etgach (581), uning vorislari orasida taxt talashuvlari avj oladi. Sharqiy Turk xoqonligi hukmdori ishbara xoqon davrida (581-587) undan norozi bo’lgan shahzodalar Xitoy sulolalari bilan til biriktira boshlaydilar. Bunga Qoracho’rin ham tortiladi. Xitoydagi Suy sulolasi xoqonlikni parchalash niyatida «o’n o’q» boshqaruvi yabg’usi Qoracho’rin ga elchi yuborib, uni yagona Turk xoqoni sifatida tan olishini bildiradi. Natijada, markazi Yettisuv bo’lgan shimoliy Qora dengiz bo’ylari, shimoliy Kavkaz, Volgabo’yi, Amudaryo-Sirdaryo oralig’i, Xuroson, Shimoliy Afg’oniston, Sharqiy Turkiston hududlarini o’z ichiga olgan G’arbiy Turk xoqonligi tashkil topadi. Suy sulolasi Turk xoqonligining bir markazga birlashtirishga hara-kat qilgan tuli (600-609) tarafini oladi, To’nga Turon o’ldiriladi (600), fursatdan foydalangan Qoracho’rin Markaziy hokimiyatni egallaydi. Endi Suy sulolasi tulini Qoracho’ringa qarshi qo’ya boshlaydi. 601-603 yillar orasida Xitoyning shimoliy viloyatlariga bir necha safar uyushtirib tulini bartaraf etishga harakat qilgan Qoracho’rin muvaffaqiyatsizlikka uchrab, zaiflashadi. Buning ustiga tele qabilalarining isyoni hokimiyatga qarshi katta zarba bo’ladi. Qoracho’rin hokimiyatni boy berib, 603 yilda Nanshan tog’lari atrofida yashovchi tuguxun (togon) lar huzuriga qochib, o’sha yerda bedarak ketadi. G’aybulla Boboyorov.