Qorako’l tumani
Qorako’l tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Shimol va shimoliy-sharqdan Jondor tumani, Janubi-sharqdan Olot tumani, Janub va g’arbdan Turkmanistonning Lebap viloyati, shimoliy-g’arbdan Romitan tumani bilan chegaradosh. Maydoni 9,84 ming km2. Aholisi 125 ming kishi (2005). Tumanda 1 shahar (Qorako’l), 11 qishloq fuqarolari yig’ini (Bandboshi, Jig’achi, Ziyorat, Oxunboboev, Sayot, Chovli, Yangibozor, Qozon, Qorako’l, Qoraun, Qorahoji) bor. Markazi — Qorako’l shahri. Tabiati. Tuman hududi Zarafshon daryosining quyi qismida, viloyatning Janubdagi Qorako’l vohasida joylashgan. Sharqiy qismi 200-300 metrdan baland bo’lmagan qirlar, shimoliy va shimoliy- g’arbiy qismi Qizilqum cho’li, Qorako’l va Mohonko’l vohalari bilan band. Tuproqlari, asosan, bo’z tuproqlar. Qorako’l va Mohondaryoning quruq o’zani o’tloqi bo’z, qumoq bo’z tuproqlar, allyuvial yotqiziqlardan iborat. Botiqlarda sho’rxoklar, tuzli massivlar (Zamontov) bor, g’arbiy qismini taqir, qum dyunalari va barxanlar egallagan. Iqlimi keskin kontinental. Yanv. ning o’rtacha temperaturasi 1,8°, eng past temperatura -33°, iyulning o’rtacha temperaturasi 28,5°, eng yuqori temperatura 45,3°. Vegetatsiya davri 213 kun. Yillik yog’in 100-150 mm, ko’p qismi bahor va qishda yog’adi. Yovvoyi o’simliklardan efemer va efemeroidlar, boyalich, kovrak, sho’ra, shuvoq, isiriq, Qandim, yaltirbosh, rang, saksovul va yulg’un o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan yumronqoziq, echkemar, qobon, tulki, qo’shoyoq, toshbaqa, qum bo’g’ma iloni, charxilon va boshqalar yashaydi. Qushlardan qarg’a, to’rg’ay, tuvaloq, hakka, musicha, chug’urchiq uchraydi. Yovvoyi hayvonlar muhofaza qilinadigan qo’riqxona bor. Ekin maydonlari Amu-Qorako’l mashina nasos stansiyasidan sug’oriladi. Zarafshon daryosining quyi oqimi — Qoraqo’ddaryo, asosan, yer osti suvlarini oqizuvchi kollektor vazifasini bajaradi. Foydali qazilmalardan gil, qumtosh, shag’al, tuz, neft va gaz bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, turkman, tatar, rus, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 12,7 kishi. Shahar aholisi 20,9 ming kishi, qishloq aholisi 104,1 ming kishi (2005). Xo’jaligi. Tumanda paxta tozalash, g’isht zavodlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona, neft bazasi, don mahsulotlari aktsiyadorlik jamiyati, dehqon bozori ishlab turibdi. Kichik, o’rta va yirik biznes korxonalari, mikrofirmalar, «Qorako’lteks» qo’shma korxonasi faoliyat ko’rsatadi. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmog’i paxtachilik, g’allachilik, chorvachilik, polizchilik. Pillachilik ham rivojlangan. Shirkat, dehqon, fermer xo’jaliklari mavjud. Sug’oriladigan maydonlarga paxta, g’alla, kartoshka, sabzavot va poliz, yem-xashak ekinlari ekiladi. Mevazor, tokzor, tutzorlar bor. Tumandagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarida qoramol, qo’y va echki, parranda, shuningdek, tuya boqiladi. Qorako’l tumanida 49 umumiy ta’lim maktabi, bolalar musiqa maktabi, kasb-hunar kollejlari, tuman Markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, klub muassasalari, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bog’i bor. Tuman Markaziy kasalxonasi, poliklinika, tug’ruqxona, qishloq vrachlik, felsher-akusherlik punktlari, ambulatoriyalar, dorixonalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Qorako’l tumani orqali xalqaro temir yo’l va avtomobil yo’llari o’tgan. Tuman markazi bilan qishloqlar orasida hamda Buxoro va Qorako’l shaharlari o’rtasida avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. 1931 yildan «Qorako’lteks sadosi» tuman gazetasi chop etiladi (adadi 1125). Isroil Nazarov, Umar Rashidov.