Qoraxitoylar davlati
Qoraxitoylar davlati — o’rta asrlarda Sharqiy Turkiston, Ili va Chu vodiysi, Yettisuv va O’rta Osiyoda mavjud bo’lgan davlat (taxminan 1140— 1213). Poytaxti — Chu daryosi bo’yida joylashgan Xusi-orda (Bolasog’un). Asoschisi — Elyuy Dashi. U 1124 yil Gurxon unvonini qabul qilgan. 1125 yil kidonlar saltanati chjurchjenlar tomonidan tor-mor etilgach, bir guruh tarafdorlari bilan Shimolga qochgan. turli qabila jangchilari bilan o’z qo’shinini to’ldirib G’arbga yo’l olgan va ilgari bu o’lkalarga kelib joylashgan kidanlar yordamida butun Turkistonni bosib olgan (1141). Gurxonlar kidanlarga taqlidan tangalar zarb etdirganlar, lekin mamlakatning iqtisodiyoti va ichki ishlariga kam aralashganlar, ular faqat vassallaridan (Balx, Xorazm, Xo’tan, Gaochan va boshqalar) soliq olish bilan kifoyalanganlar. Qoraxitoylar davlatini 2 marta ayollar idora etgan. Qoraxitoylar davlati Amudaryo va Balxash ko’lidan Kunlun va Beyshan tog’lariga qadar hududni egallagan. Qoraxitoylar davlatining qulashi mo’g’ullar tomonidan Sharqiy Turkistonni bosib olinishi va 1208 yil ulardan qochgan naymanlarning kelishi va 1211 yil Gurxonning asir olinishi (2 yildan so’ng vafot etgan) bilan bog’liq bo’lgan. 1218 yil naymanlar Chingizxon tomonidan bo’ysundirilgan.