QO’SHILGAN QIYMAT SOLIG’I
QO’SHILGAN QIYMAT SOLIG’I — ishlab chiqarish va muomala jarayonlarining barcha bosqichlarida yaratilgan qo’shilgan qiymat bir qismining budjetga olish shakli. Egri (bilvosita) soliqlarning tarkibiga kiradi. Mahsulot (ish, xizmat)larni realizatsiya va import qilish oboroti qo’shilgan qiymat solig’i solinadigan obyekt hisoblanadi. Realizatsiya bo’yicha soliq solinadigan oborot realizatsiya qilinadigan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) qiymati asosida, qo’llaniladigan narxlar va tariflarni inobatga olgan holda, aksiz solig’ini hisobga olib, ularga qo’shilgan qiymat solig’ini kiritmasdan belgilanadi. Bu soliqni to’lovchilar qatoriga mulkchilik shakli va kimga tegishli ekanligidan qat’iy nazar ishlab chiqarish va tijoriy faoliyat bilan shug’ullanuvchi yuridik shaxslar (xorijiy investitsiyali korxonalar ham) kiradi.