Qo’shiq
Qo’shiq — keng ma’noda she’riy-musiqiy janr; vokal musiqaning eng ommalashgan, ko’proq band shakliga asoslangan turi, shuningdek, kuylashga mo’ljallab to’qilgan she’riy asarlarning umumiy ifodasi. Xalq ijodiga mansub, bastakor va kompozitorlar yaratgan, ommabop musiqa yo’nalishidagi Qo’shiqlar farqlanadi. Kelib chiqishi, janri va mazmuniga qarab marosim qo’shiqlari, ommaviy qo’shiq, shahar, dehqon, bolalar, maishiy, harbiy, lirik, raqs va boshqa Qo’shiqlar ajratiladi. Qo’shiq kuyi diapazoni ixchamligi, musiqa rivoji band (yoki band-naqarot) shakliga asoslanganligi, ohanglar tizimida so’z va kuy intonatsiyalari mushtarakligi, she’riy matndagi g’oyaviy-emotsional mazmun rivojining umumiy tarzda (badiiy yakuni sifatida) ifodalanishi bilan ajralib turadi. Qo’shiqning yana o’ziga xos tomoni — she’riy matn va kuy shakllarining o’zaro mutanosibligi, bir xil hajmdagi tuzilmalar (she’rda — band, kuyda — davr)ga asoslanganligidan iborat. Qo’shiqning she’riy matnlari aniq kompozitsiyasi, har bir bandida muayyan tugal fikr ifodalanganligi bilan ajralib turadi. Sharqda xalq Qo’shiqlari o’ziga xos milliy xususiyatlarga ega bo’lib, O’rta Osiyoda ir (jir), terma, o’lan, lapar, Yalla kabi nomlar bilan ataladi. Bular negizida bastakorlar ijodi, 20-asrda zamonaviy Qo’shiq shakllari rivoj topgan. Yevropa professional musiqa san’atida O’rta asrdagi shoir- xonandalar (Frantsiyada truver va trubadurlar, Germaniyada minnezingerlar va boshqalar)ning asarlari. Meysterzingerlar san’ati namunalari, Uyg’onish davrish yaratilgan ko’p ovozli italyan sapgopepa, nemischa 1es1, frantsuzcha spapzop, 17-18-asrlardan ommaviy tus olgan gomofoniya uslubidagi Qo’shiqlar, romantizm davridagi kompozitorlar ijodidagi Qo’shiq, 20-asrda keng rivoj topgan ommaviy qo’shiq, estrada Qo’shiqlari va boshqalar professional Qo’shiqning rivojlanish bosqichlaridir. Shoirlardan P.Beranje, R.Byorns, R.Hamzatov, V.Visoskiy va boshqalar, O’zbekistonda — Hamza, Habibiy, Sobir Abdulla, Mirtemir, Chustiy, T.To’la, P.Mo’min, N.Narzullaev, Muhammad Yusuf, E.Vohidov, J.Jabborov va boshqalarning Qo’shiq she’riyati rivojidagi xizmatlari katta. Tor ma’noda Qo’shiq — o’zbek xalq ijodidagi janr; qo’sh qofiya bilan boshlanuvchi, asosan, 7-8 hijoli barmoq vaznidagi to’rtliklar bilan kuylanadigan, band shaklli aytim turi. Birinchi she’r to’rtligi qofiyalari aaaa, aava, aavv yoki aavs nisbatida bo’lishi mumkin. O’zbek Qo’shiqlarida birinchi bandi odatda 4 she’riy misra va ularni kuylashga asos bo’lgan nisbiy tugal ohang tuzilmalari uyg’unligidan tashkil topadi. Kuy tuzilmalari soni 2-4 bo’lib, ularning o’zaro nisbatlari esa asosiy jumlani takrorlash, o’zgartirish yoki ma’lum darajada rivojlangan yangi jumla bilan yakunlash kabi vositalardan iborat. O’zbek Qo’shiqlari, ashuladan farqli o’laroq, kichik ovoz doirasida (asosan, kvinta — seksta diapazonida) bo’lib, ba’zan doira jo’rligida ijro etiladi. Kuychan ohangli Qo’shiqlar, asosan, lirik mavzudagi namunalarda uchraydi. Boshqa Qo’shiqlarda kuychanlik xususiyatiga ega cho’zimli ohanglar uchrasa-da, ular ko’proq Qo’shiqning yakunlanishi arafasida namoyon bo’ladi. Qo’shiqlarda maxsus (alohida) naqarotlar deyarli qo’llanmasa-da, ba’zan kichik Naqarot vazifasini kasb etuvchi takror so’zlar kelishi, shuningdek, «jon», «yor», «dod-ey» kabi undov-undalma iboralar ishlatilishi kuzatiladi. 20-asr o’zbek bastakorlari va, ayniqsa, kompozitorlari ijodiga mansub Qo’shiqlar janr nuqtai nazaridan o’zida boshqa janrlar (lapar, Yalla, ashula, terma) xususiyatlarini mujassam qilib, ma’lum o’zgarishlarga yuz tutgan. Jumladan, ularda band-Naqarot tuzilmalari, jo’rnavoz cholg’ular, raqs unsurlarini ham ko’rish mumkin. O’zbek bastakorlaridan Yu.Rajabiy, K.Jabbo-rov, Fahriddin Sodiqov, T. Jalilov, G’.Toshmatov, N. Hasanov, M. Mir-Zaev, Baliyev, R.Tursunov va boshqalar, kom-pozitorlardan T.Sodiqov, M.Burhonov, M. Leviev, S.Yudakov, A.Otajonov, F . Nazarov, A. Nazarov, F.Alimov, Q.Komilov, bolalar uchun A. Muhamedov, E.Shvars, Il.Akbarov, N. Norxo’jaev, A.Ergashev, A.Mansurov, estrada yo’nalishida Sh.Ramazonov, Ik. Akbarov, E. Solihov, D.Omonullayeva, A.Rasulov va boshqalar Qo’shiq janrida salmoqli ijod qilgan. Ad.:Alaviya M., O’zbek xalq qo’shiqpari, T., 1959; Karomatov F., O’zbek xalqi musiqa merosi, 1-kitob (qo’shiq), T., 1978. Olim Bekov, Oqil Ibrohimov.