Qo’shtor neft-kondensat koni
Qo’shtor neft-kondensat koni — Surxondaryo viloyati Sho’rchi tumanidagi kon. Jarqo’rg’on shahridan 100 kilometr Sharqda. 1966 yil ochilgan. 1967 yilda foydalanishga topshirilgan. Kon relefi bir-biriga ulanib ketgan tepaliklar tizimi va jarliklardan iborat. Qo’shtor neft-kondensat koni shimoliy-Sharqiy yo’nalishda cho’zilgan tor antiklinal strukturada joylashgan. Jami 27 ta quduq qazilgan, bo’r, Paleogen va Neogen davrlari jinslari ochilgan. Sanoat miqyosidagi neft 2-, 3-, 4-gorizontlarda mujassamlashgan. 2-gorizont paleogen davri Buxoro qatlarining yuqori qismidagi darzli ohaktoshlardan (1272-1258 metr), 3-, 4-gorizontlar o’rta qismidagi ohaktoshlardan tarkib topgan. 2-gorizontdagi neft uyumining o’lchami 6,2×0,5 kilometr, neftlilik maydoni 290 gektar. Neft tarkibida oltingugurt — 5,58%, asfaltin — 0,97%, aktsiz smolasi — 80%, parafin — 5,95%. Qo’shtor neft-kondensat koni zaxirasiga ko’ra kichik konlar toifasiga kiradi. Kondan hozirgi kunda foydalanilmoqda.