Qoyatosh rasmlari
Qoyatosh rasmlari — g’orlar (devor va shiplari), qoyatoshlar va alohida toshlarga ishlangan qad. tasvirlar. Rasmlar ishlanish xususiyatlariga ko’ra 2 guruhga bo’linadi: tosh, temir, po’lat yoki boshqa qattiq buyum bilan urib cho’kichlash, chizish, tirnash, ishqalash yo’li bilan yaratilgan rasmlar (ular fanda petrogliflar deb ataladi) hamda tabiiy bo’yoq — oxra va boshqalar bilan chizib ishlangan oq, qora, sariq, ko’k, qizil, jigarrang rasmlar. Rangli rasmlarning ishlanish usuli u qadar murakkab emas; lekin petrogliflarning ishlanishi ancha murakkab. Qoyatosh rasmlari ishlanish uslubiga ko’ra xilma-xildir: soya, oddiy chiziqlar, tarhli, naqshdor bezakli va boshqa uslub xususiyatlariga ega. Qoyatosh rasmlari dunyoning barcha joylarida ma’lum bo’lib, paleolitdan to o’rta asrlargacha bo’lgan davrda yaratilgan. Afrika (Sahroi Kabir va Janubiy tog’larda), Amerika (Alyaska, And va boshqa tog’lar), Yevropa va Avstraliyaning tog’liq hududlarida ko’p uchraydi; Rossiya (Amur, Lena, Enisey, Ob, Irtish, Baykal ko’li sohillari), Qozog’iston, O’rta Osiyo (Qoratog’, Bo’kantog’, Tomditog’, Tyanshan. Pomir, Nurota va boshqalar)dan topilgan petroglif Qoyatosh rasmlari diqqatga sazovor. Frantsiya, Ispaniya, Italiya, Hindiston, Rossiya (Lena, Amur, Baykal ko’li sohillari, Ural, Dog’iston), O’zbekiston (masalan, Zarautsoy rasmlari, Sangijumon, Oqsoqolotasoy rasmlari) da rangli Qoyatosh rasmlari topib o’rganilgan. Qoyatosh rasmlari avvalo san’at obidasi sifatida san’at tarixini o’rganishda, arxeologik va tarixiy manba sifatida ibtidoiy va qadimgi qabilalarning ijtimoiy hayoti va ruhiy olamini o’rganishda katta ahamiyatga ega. Ad.: Kabirov J., Sarmishsoyning qoyatosh rasmlari. T., 1976; Xo’janazarov M ., Naskalnshe izobrajeniya Xodjakentai Karakiyasaya, Samarqand, 1995.