Qo’yqirilgan qal’a
Qo’yqirilgan qal’a — qadimgi otashparastlar ibodatxonasi va qishloq xarobasi (miloddan avvalgi 4 — milodiy 4-asr). To’rtko’l shahridan 22 kilometr shimoli-Sharqda. Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi (rahbari S.P.Tolstov) ro’yxatga olgan (1938). 1951-57 yillardagi qazishmalar natijasida qadimgi Xorazmliklarning maqbara-qasri va miloddan avvalgi 4-3-asrlarga oid doira shaklidagi ikki qavatli Markaziy ibodatxona binosi (diametri 44,4 metr, balandligi 9,5 metrga yaqin) qazib o’rganilgan. Ibodatxona atrofi 2 qator paxsa va xom g’ishtdan tiklangan mudofaa devori bilan o’ralgan. Qal’a atrofida xandaq (eni 15 metr, chuqurligi 3 metr) bo’lib, qadimda suv bilan to’ldirilgan. Qo’yqirilgan qal’a devorida O’rta Osiyo, yaqin va O’rta Sharq quldorlik davri shaharlar qurilishi uslubiga xos bo’rtib chiqib turgan maxsus burjlar bo’lib, ularda o’q otish uchun nishon tuynuklari bor. Devor bilan Markaziy bino oralig’ida xo’jalik inshootlari joylashgan. Ravoqlar uchun trapesiya shaklidagi maxsus g’isht qo’llanilgan. Qal’aning Sharqiy qismida darvozasi bo’lib, darvoza oldi labirint shaklida qurilgan. Qo’yqirilgan qal’a markazidagi 2 qavatli binoga maxsus zinapoyalarda chiqilgan. Uyning tomi tekis. 1-qavatda alohida-atohida 8 ta gumbazli xonalar bo’lib, ular ichidan sopoldan yasalgan tobutlar, idish-tovoqlar, har xil rasmlar solingan yog’idish (xum va ko’zacha)lar, naqshinkor suvdonlar topilgan. Topilmalar ichida ma’budlarning terrakota haykalchalari, devorga ishlangan rangli naqshlar, osmon jismlarini kuzatishga mo’ljallangan buyumlar bor. Ostodonlar dafn marosimlaridan, sopoldagi yozuvlar esa qadimgi xorazmliklarning tili va yozuvlari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Ad.: Koy-krilgan-kala — pamyatnik kulturi drevnego Xorezma IV v. do n.e. — IV v.n.e. (OTV. Red. S.P.Tolstov, B.I.Vaynberg), M , 1967.