Qo’ytikan

Qo’ytikan — murakkabguldoshlarga mansub bir yillik o’simliklar turkumi. Yer yuzida 25 turi mavjud. O’zbekistonda g’o’za Qo’ytikani yoki g’o’zatikan va oddiy Qo’ytikan turlari uchraydi. Oddiy Qo’ytikanning bo’yi 20-90 santimetr, gullari bir uyli, ayrim jinsli, urug’chi savatchalarining o’rama barglari birikib, mevasida ilmoqli tikanlarga aylanadi. G’o’za Qo’ytikani bo’yi 20-60 santimetr, poyasi shoxlangan. To’pmevasi cho’ziq-tuxumsimon, usti bir qancha ilgaksimon tikanchalar bilan qoplangan. Iyun — sentabr oylarida gullab, urug’laydi. Ariqlar va yo’l bo’ylarida, sug’oriladigan ekinlar orasida o’sadi. Yo’qotish qiyin bo’lgan begona o’t. Barcha qismida yod, urug’ida alif tayyorlashda ishlatiladigan moy (40%) bor. Barg va ildizidan bo’yoq (sariq va yashil) olish mumkin. Mevasining usti ilmoqli mayda tikanchalar bilan qoplanganligidan qo’ylar juniga yopishadi (nomi ham shundan).