Qozonxon
Qozonxon, qazon Sulton (? -1347) — Chig’atoy ulusi xoni (1332— 47). Chig’atoyxon naslidan bo’lgan Yasavur o’g’lonning farzandi. 1332 yil Movarounnahrda xonlik taxtiga o’tiradi. Qozonxonning hukmronlik vaqtida zo’ravonlik va zulm kuchayadi, aholining turmushi yomonlashadi. Amir Qazag’on ulusning tirik qolgan a’yonlari bilan ittifoq tuzib bosh ko’taradi va Soli-saroyda qo’shin to’plab, Qozonxonga qarshi jangga tayyorlanadi. 1345 yilda Darayi Zangiy qishlog’i yaqinidagi dashtda har ikki qo’shin to’qnashadi. Bu jangda Amir Qazag’onning qo’shini mag’lubiyatga uchraydi. G’olib Qozonxon Qarshi sh. tomon yo’l oladi. Shu yili qishning qattiq sovug’idan Qozonxon lashkari ulovining ko’p qismi qirilib ketadi. Amir Qazag’on bu holatdan xabar topgach, zudlik bilan qo’shin jamlab, Qozonxonni yo’q qilmoq maqsadida raqibi tomon yuradi. 1347 yilda 2 tomon lashkarlari yana to’qnash keladi. Jang Amir Qazag’onning g’alabasi bilan yakun topadi. Qozonxon jang maydonida qatl qilinadi.