Qozoq tili
Qozoq tili — turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub tillardan; qoraqalpoq va no’g’ay tillari bilan birgalikda qipchoq tillarining qipchoq-no’g’ay guruhchasini tashkil etadi. Qozog’iston Respublikasining davlat tili. Asosan, Qozog’iston, Xitoy, O’zbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Mongoliyada, shuningdek, Turkmaniston, Qirg’iziston, Tojikiston, Afg’oniston, Turkiya, Ukraina va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. Qozoq tilida so’zlashuvchilarning umumiy soni qariyb 9,5 million kishi. Qozoq tilining dialektik bo’linishi haqida aniq bir fikr yo’q: ba’zi manbalarda 2 ta, ba’zilarida esa 3 ta (shimoli-Sharqiy, Janubiy va g’arbiy) lahjaga bo’linishi haqida fikrlar mavjud. Lahjalar leksik tarkibi va fonetik xususiyatlari jihatdan o’zaro farq qiladi. Qozoq tilining fonetik xususiyatlari: 9 unli fonemaga ega, unlilar ohangdoshligi (lab singarmonizmi) va undoshlar assimilyasiyasi mavjud, so’z urg’usi, asosan, dinamik xususiyatga ega. Bo’g’inlar 3 turga ajraladi: ochiq, yarim yopiq va yopiq. Morfologik xususiyatlari: otlar kelishiklar bilan turlanadi, ot yasalishida affiksasiya va kompozitsiya usullari mavjud bo’lsa, sifatlar leksik-semantik, morfologik va sintaktik usullar bilan yasaladi; son va olmosh turkumlari farqli belgilarga ega emas. Fe’llar morfologik tuzilishiga ko’ra, tub va yasama fe’llarga bo’linadi, fe’l turkumida 4 mayl (aniqlik, buyruq, istak va shart), 3 zamon (o’tgan, hozirgi, kelasi) farqlanadi. ravishlar asliy va nisbiy turlarga bo’linsa, yordamchi so’z turkumlari umumturkiy xususiyatlarga ega. Sintaktik xususiyatlari: 4 xil sintaktik aloqa turi (moslashuv, munosabatlashuv, boshqaruv, bitishuv), 4 xil gap turi (darak, so’roq, buyruq va undov) farqlanadi. Gap bo’laklari tasnifi va tavsifi, gapda so’zlar tartibi umumturkiy qonuniyatlarga asoslanadi. Qo’shma gaplar bog’lovchisiz va bog’lovchili turlarga bo’linadi. leksik xususiyatlari: Qozoq tili leksikasining o’z qatlamini qadimgi turkiy tillardan semantik va struktur-morfologik o’zgarishlarga uchrab o’tgan umumturkiy qatlam tashkil etadi, shuningdek, unda Arab, fors, mo’g’ul, o’zbek, tatar, rus va Xitoy tillaridan o’zlashgan so’zlar qatlami ham mavjud. Arab grafikasiga asoslangan yozma adabiy Qozoq tili 19-asr 2-yarmida paydo bo’lib, taniqli qozoq ma’rifatparvarlari Abay Qo’nonboyev va Ibray Oltinsarinlar faoliyati tufayli 19-asr oxirida to’liq shakllandi. Yozuvi 1930 yilgacha Arab grafikasi asosida, 1930-40 yillarda lotin grafikasi asosida bo’lgan. 1940 yildan rus grafikasi asosidagi yozuv joriy etilgan. Ad. Musabaev G. G., Sovremennsh kazaxskiy yazik, ch.1, Leksika, Alma-Ata, 1959; Musabaev G. G., Sovremenniy0 kazaxskiy yazik, ch.2, fonetika i morfologiya, Alma-ata, 1962;Tomanov M., Qazaqtan tarixi fammatikasi. Fonetika, morfologiya, Almatn, 1981; Baskakov N.A., Vvedenie v Izuchenie tyurkskix yazokov, 2-izd., M., 1969. Abduvahob Madvaliev, Isroil Po’latov.