Qurbonlik

Qurbonlik — Xudoga yaqinlashish va uning rahm-shafqatiga sazovor bo’lish uchun Xudo yo’liga jonlik so’yish. Qurbonlik odati qadimgi zamonlarda ko’p xalqlar va qabilalarda bor edi. islomdan ilgarigi arablarda qullarni, o’z farzandlarini qurbon qilish odati bo’lgan. Qur’onning 108-Kavsar surasida Xudo jannatdagi Kavsar hovuzini ato etgani uchun jonlik so’yib Qurbonlik qilish haqida so’z boradi. Siyrat Zamzam bulog’i suvi kamayib turganda Muhammad (sav)ning bobosi Abdulmuttalib suvni ko’paytirishni Xudodan tilab o’z o’g’illaridan birini Qurbonlikka atagani haqida rivoyat saqlanib qolgan. Davrlar o’tishi bilan inson o’rniga hayvonni qurbon qilish odatga aylangan. Bibliya rivoyatiga ko’ra, Ibrohim (Avraam) o’zining chin e’tiqodini isbotlash uchun o’z o’g’li Ishoq (Isaak)ni qurbon qilishga qaror qilganda Xudo uni to’xtatib, bolaning o’rniga Qo’chqor so’yishni buyurgan (Bibliya, borliq kitobi, 22-6o6, 1 —13-bandlar). Bu rivoyat Qur’onga aynan o’tgan. Faqat Ibrohim o’z o’g’li Ishoqni emas, balki 2-o’g’li Ismoilni Qurbonlik qilishga chog’lanadi (37- sura, 102-107-oyatlar). Islom dinida Qurbonlik haj marosimining qat’iy va majburiy qismlaridan biriga aylangan. Hajda ishtirok etmagan musulmonlar qurbon hayiti kuni imkoniyatiga qarab Qurbonlik qilishi lozim hisoblanadi. Qurbonlik uchun so’yiladigan hayvon — qo’y, mol, tuya. Bir qo’yni 1 kishi, qora-mol, tuyani esa bir kishidan to 7 kishigacha bir bo’lib Qurbonlik qilishi mumkinligi belgilangan.