Qushlar

Qushlar — umurtqali hayvonlar sinfi. Trias davrida yashagan sud-ralib yuruvchilarning psevdozuxlar turkumidan kelib chiqqanligi taxmin qilinadi. Qushlarning qazilma qoldiqlari juda kam; dastlabki qazilma qoldiq — arxeopterikning toshdagi izi va suyaklari yura davriga tegishli. Ayrim morfologik belgilar (orqa oyoqlardagi muguz tangachalar, muguz tumshuq va boshqalar) hamda fiziologik xususiyatlari (tuxum qo’yishi)ga ko’ra Qushlar sudralib yuruvchilarga o’xshaydi, lekin tanasi pat bilan qoplanganligi tufayli ulardan farq qiladi. Patlar qushlar tanasida issiqlikni saqlaydi; uchishda havo qarshiligini kamaytirib, havoda ko’tarish yuzasini hosil qiladi (qanot, dum). Uchish va har xil harakatlanish (yugurish, suzish, sho’ng’ish)ga moslanish Qushlar tayanch-harakat sistemasining o’ziga xos tuzilishiga sabab bo’lgan. Qanotlarning paydo bo’lishi bilan oldingi oyoklar, elka kamari suyaklari va muskullari shakllangan (ko’krak toj suyagi rivojlangan, uchish muskullari tana vaznining 25% ini tashkil etgan); yerda 2 oyoqda yurganida murakkab yaxlit tuzilgan dumg’aza va orqa oyoqlari muskullari qayta muvozanat saqlash vazifasini bajaradi. Qushlarning qovurg’alari o’zaro harakatchan qo’shilgan 2 qismdan iborat bo’lib, nafas olishda ko’krak qafasi hajmining o’zgarishiga, ya’ni elastikligi kam o’pka to’qimasi orqali havoni havo xaltalariga va naysimon suyaklar bo’shlig’iga o’tishiga yordam beradi. Qushlarda nafas olish jarayoni o’ziga xos kechadi. Qushlarning bronxlari havo xaltachalari bilan (9-10 tacha) tutashgan. Nafas olish havo o’pkadan xaltachalarga o’tayotganida va ulardan yana o’pka orqali qaytib chiqayotganida sodir bo’ladi. Havo xaltachalari termoregulyasiyada ishtirok etadi; suvda suzuvchi Qushlarda esa sho’ng’ishda tana tig’izligini o’zgartirishga imkon beradi. Ovqat xiliga moslanish qizilo’ngachning ixtisoslashuvi (ayrim Qushlarda jig’ildonning rivojlanishi), muskulli oshqozonning paydo bo’lishi va ichakning uzayishiga olib kelgan. Qushlarning to’g’ri ichagi rivojlanmagan. Ayirish org’anlari 2 ta yirik buyraklar tana vaznining 1 — 2% ini tashkil etadi; qovug’i bo’lmaydi. Ichagi, siydik chiqarish va jinsiy bezlari sistemasi yo’li kloakaga ochiladi. Qattiq po’choq bilan qoplangan yirik tuxum qo’yishi tufayli Qushlarning chanoqkamari suyaklari yiriklashgan. Qushlar narida 2 tadan urug’don va urug’ yo’li, modasida faqat chap tuxumdon va tuxum yo’li rivojlangan (yapaloqqushlar va yirtqich Qushlarda o’ng qismi ham bor). Urug’don va tuxumdonlar o’lchami jinsiy tsikl davriga bog’liq. Masalan, uya qurish oldidan urug’donlar 300-1000 marta kattalashadi. Qon aylanish sistemasining tuzilishi va fiziologik xususiyatlari, yuragining nisbatan yirik bo’lishi va jadal ishlashi, yuqori qon bosimi moddalar almashinuvining tezlashuvi bilan bog’liq. Masalan, kolibr yuragi tana massasining 2,85% ini tashkil etadi; 1 minutda 1000 martagacha qisqaradi. Ko’rish o’tkirligi va rang ajrata olish, yaxshi eshitish xususiyati Qushlarning yaqin va uzoqdagi narsalarni tezroq tanib olishida, tur individlari va turlar o’rtasidagi munosabatlarda katta ahamiyatga ega. Qushlarning tovushlarni taniy olish va tovush chiqarish xususiyatlari rivojlangan. Bosh miya bazal yadrolarining rivojlanganligi, ko’rish bo’laklari va miyachaning yirikligi Qushlar nerv faoliyatining sudralib yuruvchilarga nisbatan yuqori bo’lishiga olib kelgan. Qushlar muhit sharoitiga o’z ehtiyojiga qarab faol moslanish (uya qurish, oziq g’amlash va boshqalar) xususiyatlarga ega. Qushlar quruqlik umurtqalilari orasida eng xilma-xil hayvonlar. Ular 2 kenja sinf: kaltakesak dumlilar (1 ta qirilib ketgan turkum kiradi) va yelpig’ich dumlilarga ajratiladi. Yelpig’ich dumlilarga 34 turkum (jumladan 28 ta hozirgi turkum) va 9000 ga yaqin tur kiradi. Qushlar Arktikadan boshlab Antarktika sohalarigacha bo’lgan barcha tabiiy mintaqalarda, ko’pchilik (80% ga yaqin) turlari tropik mintaqalarda tarqalgan. O’zbekiston faunasida Qushlarning 19 turkumga oid 440 dan ko’proq turi ma’lum. Yashash joyiga binoan Qushlarni bir necha yirik ekologik guruhlar, masalan, o’rmon Qushlari, cho’l va dasht Qushlari, suv havzalari (suvda suzuvchi) Qushlar, botqoq va sohil Qushlariga; ular hayotining yil fasllari bo’yicha o’zgarishiga binoan uchib ketuvchi, ko’chib yuruvchi va o’troq Qushlarga bo’linadi. Qushlarning ko’payishi tsiklik tarzda jinsiy bezlarning fasliy rivojlanishiga muvofiq ichki (gormonal) va tashqi (kun uzunligi va boshqalar) omillar ta’siriga bog’liq. Qushlarning uya qurish joyi va uya qurish usuli xilma-xil. Qushlar 1 tadan 20-25 tagacha tuxum qo’yib, ularni 12 kundan 80 kungacha bosib yotadi. Tuxumdan chiqqan jo’jalarning holatiga binoan Qushlar jish jo’ja ochuvchi qushlar va jo’ja ochuvchi qushlarga ajratiladi. Jish jo’ja ochuvchi qushlarning tuxumdan chiqqan bolasining ko’zi yumuq, patlari siyrak; jo’ja ochuvchi Qushlarning tuxumdan chiqqan jo’jasi onasi orqasidan ergashadigan va mustaqil oziqlana oladigan bo’ladi. Qushlarning tabiat va inson hayotidagi ahamiyati xilma-xil bo’lib, o’simliklarni changlantirish, ular urug’larini tarqatish, zararkunanda hasharotlar va kemiruvchilarni qirish (ular sonini boshqarish)dan iborat. Ayrim Qushlar bog’lar va donli ekinlarga ziyon yetkazadi, yuqumli kasalliklar tarqatadi. Qushlar ovlanadi; bir qancha turlari xonakilashtirilgan. Qushlarning tabiatdagi estetik ahamiyati ayniqsa katta: ularning sayrashi bog’va xiyobonlarni jonlantiradi; insonda zavqlanish hissini uyg’otadi. Qushlarning turlari soni tobora kamayib bormoqda. 17-asr boshlaridan buyon 100 ga yaqin Qushlar turi qirilib ketgan, bir qancha turlari yo’q bo’lib ketish arafasida turibdi. Qushlarni muhofaza qilishga qadimdan harakat qilib kelinadi. Qadimgi Hindistonda miloddan 200 yil avval Qushlar muhofazasi to’g’risida qonun mavjud bo’lgan. Hozirgi hamma mamlakatlarda Qushlar muhofazasi bo’yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Noyob va qirilib ketish xavfi ostidagi turlarni saqlab qolish maqsadida xalqaro mamlakatlar va regional qizil kitoblar yaratilgan. Xalqaro Konventsiya, bitim, memorandumlar tuzilgan. Maxsus fondlar tashkil etilgan. 1885 yil birinchi bo’lib Qushlarni muhofaza qilish Odyubonov jamiyati tuzilgan. 1872 yil Yellouston milliy bog’i (AQSh), 1910 yil Shveytsariyada tabiatni muhofaza qilish jamiyati ish boshlagan. 1913 yil tabiatni muhofaza qilish bo’yicha birinchi xalqaro anjuman o’tkazilgan. 20-asrning 2-yarmidan boshlab Qushlarning yashash joylarini saqlab qolishga e’tibor kuchaytirildi. Muhofaza qilish hududlari (milliy bog’lar, qo’riqxonalar) tashkil etila boshlandi. 1971 yil suv va botqoqlik hududlari muhofazasi bo’yicha xalqaro Konventsiya ishlab chiqildi. Qushlar muhofazasi bo’yicha xalqaro hamkorlik tobora rivojlanib bormoqda. O’zbekiston Respublikasi 1995 yilda «Biologik xilma-xillik to’g’risida» gi, 1997 yilda «yo’q bo’lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to’g’risida»gi, 1998 yilda «Ko’chib yuruvchi hayvonlar turlarini muhofaza qilish to’g’risida»gi, 2001 yilda «xalqaro ahamiyatga ega, ayniqsa, suvda suzuvchi qushlarning yashash joylari bo’lgan suv botqoqlik joylar to’g’risida»gi konventsiyalarga qo’shildi. «Ingichka tumshuqli balchiqchi, Sibir turnasi (oq turna), Afrika — Yevrosiyoning suvda suzuvchi ko’chmanchi qushlarini muhofaza qilish tadbirlari yuzasidagi hamfikrlik Meleorandumlari» kabi xalqaro bitimlar O’zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan. Ad.: Fauna mira. Ptism. M., 1991; Jizn jivotnix, t. 5, M., 1970; obshaya ornitologiya, M., 1982; O’zbekiston Respublikasi qizil kitobi. T., 2003; Soxranenie biologiches-kogo raznoobraziya Nasionalnaya strategiya i plan deystviy Ruz, T, 1998; Laxanov J.L., O’zbekistonning umurtqali hayvonlari aniqlagichi, T, 1988; Vinokurov A.A., Redkie ptism mira, M., 1987.