Qusish, qayt qilish
Qusish, qayt qilish — me’da, diafragma, qorin devori va boshqa muskullarning spazmatik qisqarishi natijasida me’da ichidagi narsalarning g’ayriixtiyoriy ravishda og’izdan tashqariga chiqarilishi. Me’da va ichki a’zolar, Markaziy hamda periferik nerv sistemasining ta’sirlanishi (masalan, zaharlanganda) yoki kasalligi oqibatida ro’y beradi. Qusish me’da shilliq qavatining ta’sirlanishiga nisbatan organizmning himoya — moslanish reaktsiyasi bo’lib, ko’pincha yutib yuborilgan yot jismlar, sifatsiz ovqat va turli zaharli modda- lar ta’sirida sodir bo’ladi. Qusish tufayli organizm zararli, ba’zan hatto hayot uchun xavfli moddalardan xalos bo’ladi. Me’daning ba’zi kasalliklari (masalan, yara kasalligi, gastrit)da Qusishdan oldin ko’ngil ayniydi, odatda Qusishdan so’ng bemor o’zini yengil his qiladi. Qusish yurak, o’t pufagi, appendiks (chuvalchangsimon o’simta), buyrak va boshqa a’zolar funktsiyasi izdan chiqqanda me’daga reflektor ta’sir etishi natijasida ham paydo bo’lishi mumkin. Qusish bosh miya va uning pardalari kasalliklari (meningoentsefalit, bosh miya o’smalari va shikastlanishlari), miyada qon aylanishining buzilishi belgisi bo’lishi, shuningdek, emotsinal buzilishlar tufayli (masalan, ba’zi bir noxush taomlar, qon, qusuq massalari va hokazolarni ko’rganda) yuzaga kelishi ham mumkin. Homiladorlarning qusishi ko’pincha homiladorlik toksikozlarining alomati bo’ladi. Qusish vaqtida, ayniqsa, og’ir va hushsiz yotgan bemorlarga ko’z-quloq bo’lib turish kerak, chunki bunday hollarda qusuq nafas yo’llariga tushib, bemor bo’g’ilib qolishi, o’pkasi yallig’lanishi mumkin. Qayt qilayotgan bemorni o’tqazib qo’yish yoki boshini pastga qilib, yonboshi bilan yotqizish lozim. Agar bemor yotgan bo’lsa, uning boshini yon tomonga qaratib, qusib bo’lguncha shu holatda ushlab turish kerak, qusib bo’lgach esa uning og’zini chaydirish, madorsiz bemorlar og’zini ho’l tampon bilan tozalab olish lozim. Qusuq tarkibida qon bo’lsa darhol vrach chaqirish zarur. Qusish iste’mol qilingan oziq-ovqat yoki dori vositalariga aloqador bo’lsa, ularni qo’llamaslik kerak. Agar Qusish sababsiz ro’y bersa, vrachga murojaat qilib, Qusishda yuz bergan holatni tafsillash hamda qusuq massasini vrachga ko’rsatish talab etiladi, chunki uning tashqi ko’rinishi, tarkibi va boshqalar qusish sabablarini aniqlashga yordam beradi. Bolalarda Qusish kattalarga nisbatan ko’proq kuzatiladi. Qusishning barcha hollarida tezlik bilan vrachga murojaat qilish kerak. Faqat tibbiy tekshirishlargina Qusish sabablarini aniqlash va uni o’z vaqtida oldini olish hamda davolash imkonini beradi.