Quvushshoxlilar
Quvushshoxlilar — juft tuyoqli sut emizuvchilar oilasi. Gavdasi har xil kattalikda. Erkagi urg’ochisiga nisbatan yirikroq. Erkaklarida, ko’pincha urg’ochilarida ham 1 juft, ba’zan 2 juft (4 shoxli antilopa) shoxi bor. Quvushshoxlilar shoxlari muguz bilan o’ralgan; hayoti davomida almashinmaydi. 43 uruqqa mansub 125 turi ma’lum. Avstraliya va Antarktidadan tashqari barcha qit’alarda tarqalgan. Quvushshoxlilar — o’txo’r, aksariyat poligam. 1-5 ta bola tug’adi. Ko’pchilik turlari kichik poda bo’lib yashaydi. Ayrim antilopalar boshqa hayvonlar (fillar, zebralar, tuyaqushlar va boshqa antilopalar) bilan birga ba’zan katta poda hosil qiladi. Ko’pchilik turlarining soni keskin kamayib bormoqda; ayrim turlari (jayron, zubr) faqat milliy bog’larda saqlanib qolgan. O’zbekiston faunasida 5 turi, jumladan, sayg’oq ma’lum; 4 turi (arxar, jayron, morxo’r, tog’takasi) O’zbekiston Respublikasi qizil kitobiga kiritilgan.