Quyimozor suv ombori
Quyimozor suv ombori — Buxoro viloyatida Quyimozor va Kogon temir yo’l stansiyalari oralig’ida joylashgan. 1958 yilda Zarafshon daryosining etak qismidagi chuqurliklardan birining atrofini ko’tarib qurilgan. Suv omborining kosasi qumtosh aralash loyqalardan tashkil topgan yotqiziqlarda joylashgan. Dastlabki suv hajmi 280 million m3, maydoni 16,2 km2. Eng keng joyi 5 kilometr, o’rtacha chuqurligi 17 metr, eng chuqurligi joyi 40 metr. 1968 yilda suv ombori kosasining qirg’oqtari 2 metrdan ortiq baland marzalar bilan ko’tarildi. Uning suv hajmi 350 million m3 gacha, maydoni 17,3 km2 ga yetdi. Quyimozor suv omboriga maxsus kanal (18 kilometr) orqali Zarafshon daryosidan suv keltiriladi, shuningdek, Amu-Buxoro mashina kanalidan 40 m3/s suv quyadigan Quyimozor nasos stansiyasi qurildi. Jamg’arilgan suv uzunligi 72 kilometr va sekundiga 100 m3/s ga qadar suv oqadigan kanal orqali irrigasiya shoxobchalariga tarqatiladi. Suv omborida suv sathi o’zgarib turadi. Quyimozor suv ombori tarkibiga Xorxo’r va Duoba gidrouzellari kiradi. 1965 yildan beri Quyimozor suv ombori Amu-Buxoro mashina kanali suvini tartibga solish maqsadida foydalaniladi. Magistral kanal bilan birgalikda suv ombori 94 ming gektar yerni sug’oradi.