Radiokimyo
Radiokimyo — radioaktiv elementlar va izotoplarning kimyoviy xossalarini, ularni ajratib olish, kontsentrlash (to’plash) fan va texnikaning turli sohalarida ko’llash usullarini o’rganadigan soha. Radiokimyo rivojlanish davrida bir necha bosqichni bosib o’tdi. Radiokimyoning dastlabki 1 bosqichi 1898 yildan, ya’ni P. Kyuri va M. Kyuri ilk tabiiy radioaktiv elementlar — poloniy va radiyni ajratib olishlaridan boshlandi. II bosqich (1914-33)da tabiiy radioaktiv elementlarning kimyoviy tabiati o’rganildi. III bosqich I.Kyuri va F. Jolio-Kyurilarning 1934 yilda sun’iy radioaktiv izotoplarni kashf qilganlaridan keyin boshlandi. IV bosqich sun’iy izotoplarning texnologiyasi bosqichi bo’lib, parchalanish zanjir reaktsiyasining sanoat miqyosida amalga oshirilgan davri — 1944 yilga to’g’ri keladi. Eng so’nggi bosqich 50-yilni — izotoplarni ajratib olish davrini o’z ichiga oladi. Hozirgi zamon Radiokimyosini quyidagi asosiy bo’limlarga ajratish mumkin: umumiy Radiokimyo, yadro aylanishlari kimyosi, radioaktiv elementlar kimyosi va amaliy Radiokimyo. Umumiy Radiokimyo radioaktiv elementlar va izotoplarning fizik-kimyoviy qonuniyatlarini: radioaktiv elementlar va izotoplarning turli muhitda qanday shaklda uchrashini aniqlaydi, kichik «radio-kimyoviy» kontsentrasiyadagi radioaktiv elementlarning xossalarini tekshiradi, radioaktiv moddalarning fazalararo taqsimlanish jarayonini o’rganadi. Yadro aylanishlari kimyosi yadro reaktsiyalari va radioaktiv o’zgarishlarda hosil bo’ladigan mahsulotlarni va kimyoviy aylanishlarni o’rganadi, yadro reaktsiyalari va yadro aylanishlarida hosil bo’ladigan izotoplarning turg’un shakllarini aniqlaydi. Radioaktiv elementlar kimyosi barqaror va uzoq mavjud bo’luvchi izotoplari bo’lmagan elementlarni o’rganadi. Radiokimyo usullari asosida o’rganiladigan elementlar texnesiy, prometiy, astat, uran, toriy, poloniy, radon, frantsiy, radiy, aktiniy, protaktiniy va transuran elementlar, shuningdek, vodorodsimon atomlar: myuoniy, pozitroniy va mezoatomlardan iborat. Bu bo’limga shartli ravishda yadro yoqilg’isi texnologiyasini ham kiritish mumkin. Amaliy Radiokimyo nishonli birikmalar sintezini, radioaktiv izotoplarning fan va sanoatda (kimyo, fizika, geokimyo va boshqa tadqiqotlarda) qo’llanishini o’z ichiga oladi. Radiokimyo usullari boshqa kimyoviy sohalarda (kolloid kimyo, kimyoviy kinetika va boshqalar) o’rganiladigan qonunlar tadqiqotida ham keng o’rin oldi. Elementlar va izotoplarni ularning radioaktiv nurlanishi yoki yadro aylanishlari mahsulotlariga qarab aniqlash Radiokimyoning uslubiy xususiyatlaridan biridir. Radiokimyo usullari elementlar va birikmalarning fizik-kimyoviy xossalarini juda kichik va juda katta kontsentrasiyada o’rganishga imkon beradi.