Rahimov Muhiddin Karimovich
Rahimov Muhiddin Karimovich (1903.12.8 — Toshkent 1985.3.10) kulol, san’atshunos. O’zbekiston xalq rassomi (1944). Turkiston Respublikasi Xalq xo’jaligi kengashi qoshidagi (Toshkent) badiiy hunarmandlik maktabi (1918— 20), Moskva silikatlar instituti (1924-26), Leningrad keramika instituti (1927-29)da o’qigan. San’atshunoslik ilmiy tadqiqot institutida ilmiy xodim (1965-71), Toshkent badiiy sanoat o’quv ishlab chiqarish kombinati (1935-50), Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (1958— 61) va Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurti (1952-76) da dars bergan. Rahimov ijodida an’anaviy o’zbek kulolligi bilan zamonaviy keramika an’analari uyg’unlashgan. Ijodining dastlabki davrida yaratgan buyumlarida yorqin zamindagi ko’k, yashil, sariq gullar jilosi ajoyib mujassamot hosil qiladi. Urta asrlar kulolligini yaxshi o’rgangan Rahimov an’anaviy (lagan, guldon) va yangi shaklli bezak idishlar, portretli sovg’a buyumlar yaratdi, ularning bezagida o’simliksimon naqshlar bilan bir qatorda syujetli, hayvon shakllari va yozuvli tasvirlardan mohirona foydalandi. Keramika materiali va bo’yoqlarini o’rganish yo’lidagi izlanishlari samarasi sifatida bir qator asarlar maydonga keldi (Masalan, «O’zbekistonning badiiy keramikasi», rus tilida, 1961 va boshqalar). Rahimov yaratgan sopol buyumlar respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanadi. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1977). Rahimov yashagan uyda «M. Rahimov nomidagi kulollik muzeyi» ochilgan (1994).