Rahimova Hamrobibi Bozor qizi
Rahimova Hamrobibi Bozor qizi (1896—Buxoro viloyati Vobkent tumani — 1979.25.12) — sopol o’yinchoqlar yasovchi kulol; qadimgi an’anaviy mayda shakllar haykaltaroshligi namoyandasi. Rahimova hunar (loydan o’yinchoq xushtak — ushpulaklar tayyorlash, ularni o’choqda qizdirib pishitish, bo’yash)ni Shamsibibi kampirdan o’rgangan. 1970-75 yillar O’zbekiston rassomlar uyushmasi Badiiy fondida, 1978-79 yillar «Usto» birlashmasida usta. Rahimova qadimgi xalq san’ati uslubida ijod qildi, u yaratgan soda va samimiy yumorli mazmun bilan boyitilgan o’yinchoqlar (ot, fil, eshak, Qo’chqor, tovuq, toychoq, kiyik, qo’zichoq) afsonaviy qush va hayvonlarning shakllaridan iborat bo’lib, xushtagi yon tomonida; o’yinchoqlarning yuqori qismi tuxumning oqi qo’shilgan sariq, qizil, yashil, ko’k rang bo’yoqlar bilan bo’yalib, chiziqlar bilan bezatilgan. Rahimova ishlaridan namunalar respublika va xorijiy mamlakatlar muzeylari (jumladan, Luvr, Parij; «Faentse» jahon keramika muzeyi, Italiya; ermitaj, Sankt-Peterburg va boshqalar)da saqlanadi.