Rais

Rais (Arabcha — rahbar, sardor) — 1) O’rta Osiyo xonliklarida shariat qonun-qoidalari, diniy marosimlar, urf-odatlar, ro’za tutish, namoz o’qish, xayru ehson ishlarining o’z vaqtida aniq bajarilishini nazorat qiluvchi, ota-onalarning bolalarini maktabga yuborishlarini, savdo ahlining xaridorlar haqiga xiyonat qilmasligi uchun tarozi va toshlarning to’g’ri bo’lishini tekshirib turuvchi mansabdor. Rais, shuningdek, shahar orastaligi va xavfsizligi uchun ham mas’ul hisoblangan. Har bir yirik qishloq va shaharning o’z Raisi bo’lib, qozikalon tavsiyasiga binoan hukmdor tomonidan tayinlangan. Xorazmshoxlar saltanatida boshqa o’rta asr sulolalaridan farqli o’laroq butun mamlakat Raisi lavozimi mavjud bo’lgan; 2) muayyan saylov organlari va tashkilotlar rahbari (masalan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis raisi, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi va hokazolar); 3) anjuman, Majlis yoki yig’inga rahbarlik qiluvchi shaxs.