«Ramayana»
«Ramayana» — sanskrit tilidagi qadimgi hind eposi. Muallifi Valmiki deb taxmin qilinadi. Miloddan avvalgi 4-asrda Sharqiy Hindistonda yaratilgan, xalq og’zaki ijodida to’ldirilgan va qisman o’zgarib, milodning 2-asriga kelib to’liq shakllangan. Dostonda Quyosh sulolasiga mansub afsonaviy shoh Ramaning qahramonliklari, uning zulm va adolatsizlikka qarshi kurashi bayon etiladi. Odamxo’r dev (rakshas)lar podshosi Raavan tomonidan Ramaning rafiqasi Sitaning o’g’irlab ketilishi va Sitani qutqarish uchun Ramaning Raavan bilan janglari «Ramayana»ning Markaziy voqeasini tashkil etadi. O’rta asrlarda «Ramayana» vishnuizmning muqaddas kitoblaridan biri bo’lgan. «Ramayana» 7 kitobdan iborat, 1—7-kitoblari til va mazmun jihatdan boshqalaridan farq qiladi hamda bu fakt asarga keyinchalik qo’shimchalar qilinganini tasdiqlaydi. «Ramayana» Hindistonda «Mahabharata» dan keyin turadigan mashhur asar. Uning syujetlari mumtoz hind adabiyotida qo’llangan. 14— 17-asrlarda qator yangi hind, dravid tillariga tarjima qilingan. «Ramayana»ning turli variantlari Tibet, Xitoy, ayniqsa, Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlarida asrlar davomida tasviriy san’at hamda xalq teatrlari uchun sevimli syujet manbai bo’lib xizmat qilgan. «Ramayana» asosida hind kinoustalari yaratgan videofilm o’zbek tiliga tarjima qilingan. Ad.: Rama haqida qissa [Premchand bayonida], T., 1970; Maxabxarata, Ramayana, M., 1974; Serebryakov I.D., Ocherki drevneindiyskoy literaturi, M., 1971; Ramayana. Qadimgi hind eposi, T., 1978. Ansoriddin Ibrohimov.