Rangli metallurgiya

Rangli metallurgiya — metallurgiya sanoatining yetakchi tarmog’i. Ruda konlarini qazish, rudalarni boyitish, rangli, nodir va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish hamda qayta ishlash, ularning qotishmalarini tayyorlash bilan shug’ullanadi. Rangli metallurgiyada prokat, presslangan buyumlar, qattiq qotishmalar, metalli kukunlar, rangli, Nodir va qimmatbaho metallarning turli xil tuz hamda birikmalari, shuningdek, kimyoviy o’g’itlar, qurilish materiallari kabi yo’ldosh mahsulotlar tayyorlanadi. Rangli metallurgiya mahsulotlari xalq xo’jaligining hamma sohalarida qo’llaniladi. Konchilik korxonalari, boyitish fabrikalari, metallurgiya va metalga ishlov berish zdlari tarmoqning ishlab chiqarish majmuini tashkil etadi. Boshqa foydali qazilmalarga qaraganda rudalarda rangli va nodir metallar miqdori juda kam bo’ladi. 1 tonna rangli metall olish uchun 100 tonnadan to o’n minglab tonnagacha ruda qazib olinadi va qayta ishlanadi. Rudalarning 65% dan ko’prog’i ancha tejamkor usul — ochiq usulda qazib olinadi. Ruda xom ashyosida asosiy elementlar — alyuminiy, mis, qo’rg’oshin, rux, nikel, qalay, volfram, molibden bilan birga yo’ldosh elementlar — oltin, kumush, platina metallari, kobalt, mishyak, reniy, indiy, rubidiy, galliy, selen, tellur va boshqalar, ba’zan qimmati jihatdan «asosiy» metallardan ustunroq bo’lgan metallar ham uchraydi. Boyitish fabrikalarida jami rudalarning 90% dan ko’prog’i samarali flotoreagentlarni qo’llagan holda flotasiya usulida boyitiladi. O’zbekistonda Rangli metallurgiya mahalliy mineral xom ashyo resurslari negizida 20-asrning 30-yillaridan rivojlandi. Respublikada rangli, nodir va qimmatbaho metallar (oltin, mis, qo’rg’oshin, rux, volfram, molibden, simob va boshqalar) konlari, Qoramozor misqo’rg’oshinrux koni, Obirahmat, Burchmulla, Oqtuz, Takob, ingichka, Qo’ytosh, Langar rangli metallar, Chodak, Zarmitan, Marjonbuloq, Kauldi, Ko’kpatos, Qizilolmalisoy oltin, Qo’rg’oshinkon, Oltintopgan qo’rg’oshinrux, Qalmoqqir mis konlari va boshqalar topilib, ular sanoat miqiyosida o’zlashtirilishi bilan Respublikada Rangli metallurgiya shakllandi. Respublika rang metallar ishlab chiqarish bo’yicha jahonda yetakchi o’rinlarga chiqdi. O’zbekiston jahon mamlakatlari orasida oltin zaxiralari bo’yicha 5, oltin qazib olish bo’yicha 7-o’rinda turadi. Mis, qo’rg’oshin — rux ishlab chiqarish, asosan, Ohangaron — Olmaliq konsanoat hududida Qo’rg’oshinkon-Oltintopgan polimetall konlari, Qalmoqqir mis konlari negizida shakllandi. Tarmoqning yetakchi korxonasi tugal metallurgiya tsikliga ega bo’lgan Olmaliq konmetallurgiya kombinatidir. Volfram va molibden metallurgiyasining yirik korxonasi Chirchiq shahridagi O’zbekiston qattiq qotishmalar va o’tga chidamli metallar kombinati bo’lib, Kt ingichka volfram (1943; Samarqand viloyati) va Qo’ytosh volframmolibden (1937; Jizzax viloyati) konlari rudalari hamda mis rudalaridan ajratib olinadigan molibden negizida ishlaydi. KTda 1-molibden quymasi 1956 yil olingan, 1957 yildan qattiq qotishmalar ishlab chiqarila boshladi. Kt mahsulotlari (100 turdan ortiq) elektrotexnika, po’lat eritish, kon burg’ilash sohalarida keng qo’llaniladi. 1996 yildan KTda respublika ehtiyojlarini tula qoplaydigan elektr lampochkalari ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi. 60-yillardan rangli metallarning ikkilamchi quymalarini olish uchun qurilgan quvvatlar Toshkent shahrida ishlamoqda. Korxonada alyuminiy parchalari qaytadan eritilib, xalq xo’jaligiga yetkazib beriladi. 1990-yillardan O’zbekiston metallurgiyasida kamyob yer elementlari metallurgiyasi shakllanmoqda. Kamyober metallarining alyuminiy va magniy bilan qotishmalari — yengil qotishmalar, magniy bilan qotishmalari — o’tga chidamli qotishmalar turli sanoat tarmoqlarida keng qo’llaniladi. Respublikada zamonaviy ilgor texnologiyani joriy etilishi natijasida kukunlar metallurgiyasi ham rivojlanmoqda. Metallurgiya va foydali qazilmalarni qazib olish hamda qayta ishlash sanoati uchun malakali mutaxassislar Toshkent texnika universitetida, 1995 yilda tashkil etilgan Navoiy konchilik institutida hamda Toshkent kimyotexnologiya institutida tayyorlanadi. Sanoati rivojlangan mamlakatlar va rivojlanayotgan mamlakatlarda Rangli metallurgiya monopollashgan sanoat tarmog’i hisoblanadi. Rangli metallar ishlab chiqarish bo’yicha AQSh va Yaponiya oldingi o’rinlarni egallaydi.