Rangtasvir

Rangtasvir — tasviriy san’at turi; biror qattiq yuzada rangli ashyolarda, masalan, bo’yoqlar yordamida yaratiladigan badiiy asar. Rangtasvir voqelikni badiiy tasvirlash va talqin qilish; tomoshabin fikri va tuyg’ulariga ta’sir etishning muhim vositasi; muhim ijtimoiy mazmun va rang-barang g’oyaviy vazifalarga ega. Rangtasvir asarining goyaviy mazmuni uning mavzu va syujetida mujassamlashadi, syujetni rassom Rangtasvirning ifoda vositalari (kompozitsiya, rasm, rang, ritm va hokazolar) orqali ro’yobga chiqaradi. Rangtasvir asarlari asos (maxsus ishlov berilgan mato, yog’och, qog’oz, karton, shisha, metall va hokazolar), rang qatlami (moybo’yoq, guash, tempera, akvarel, rangli shisha, rangli tosh va hokazolar), ayrim hollarda uni saqlash uchun ustidan berilgan yupqa lok qatlamidan iborat bo’ladi. Rangtasvirning muhim tasviriy va ta’sir vositasi — rang (kolorit). Rang orqali rassom borliq yoki xayoliy dunyoni ko’rinarli shakllarda tasvirlaydi, makonning cheksizligini, undagi narsalarning rang-barangligini, moddiyligini hajm va fakturasini ko’rsatishi, harakat, inson ruhiyatidagi o’zgarishlar, murakkab hissiy kechinmalar, o’yxayollarni aks ettirishi mumkin. Rangtasvirning tasviriy ifoda vositasi va ishlash uslubi ishlatiladigan rang, qurollar xususiyati, rang eritgichlari, asosi (funt)ga bog’liq (Masalan, yuzasi silliq yoki g’adirbudir berilishiga qarab asar ko’rinishi turlicha ta’sir ko’rsatishi mumkin). Asar dastlab ijodkor tasavvuri va ongida paydo bo’lgan g’oya qoralamasi tarzida qalam yoki ko’mirqalamda biror yuza (ko’pincha qog’oz va karton)da ishlab olinadi. So’ng shunga mos asos tanlanib, unga bajariladigan ishning mohiyatiga ko’ra ishlov beriladi. Shundan so’ng tasvir o’rni belgilab rasmi ishlanadi. Rang berishda esa asta suyultirilgan rang bilan boshlab ko’p qatlamli (lessirovka) yoki kerak rangni bir qo’yishda bir qatlamli (alla prima) bajarish mumkin. Rangtasvir asarlari ishlanishini shartli ikki — yassi va hajmli — fazoviy uslubga ajratish mumkin: birinchi uslubda tasvir nursoyasiz yaxlit yassi shakllarda ishlanadi, hajmli-fazoviy usulda esa tasvir hajmli nursoya yordamida muhit bilan bog’liq holda tasvirlanadi. Bunday asarlar rangga boy bo’lib, unda ranglarning barcha tuslanishlarini his etish, tushuvchi nurning qaytgan rangini ham, qaytgan nurlarning tuslanishi va boshqa ranglar bilan boyishi (refleks)ni ko’rish mumkin. Rangtasvir asarlarida bu ikki uslub orasida qatiy chegara yo’q, biri ikkinchisini to’ldiradi. Rangtasvir asarlari o’zining ishlanish o’rni, mazmuni, bajaradigan vazifasi, ishlanish uslubi va ko’rinishiga qarab monumental (monumental sanat, monumental rangtasvir), bezak (bezak san’ati, bezash san’ati), dastgoh san’ati, dekoratsiya (teatr va kino dekoratsiyasi), miniatyura va boshqalarga bo’linadi. Tasvir mavzui va mazmun yo’nalishiga qarab bir qator janrlarga ajraladi: animalistika, tarixiy janr, maishiy janr, batal’ janri, portret, manzara, natyurmort va boshqalar. Rangtasvir qadimda so’nggi paleolit (miloddan avvalgi 40— 8-ming yilliklar)da paydo bo’lgan. Janubiy Frantsiya (fon de gom, Lasko), Shim. Ispaniya (Altamira), O’rta Osiyo va boshqalarda Rangtasvir asarlari saqlanib qolgan; soz tuproqli bo’yoqlar, qorakuya, pista kumir bilan ishlangan, rasmlar tekis sharpa sifat (siluet), ba’zilarida esa hajmli qilib ishlashga harakat qilinganligi seziladi, mezolit va neolit davrida bajarilgan ibtidoiy rasmlarda murakkab kompozitsiyalar, abstrakt tushunchalar paydo bo’la boshlagan. Quldorlik davrida rivojlangan texnik vositalarga boy obrazlar tizimi shakllandi. Qadimgi Sharq mamlakatlari (Misr, Hindiston, O’rta Osiyo), Janubiy Sharqiy Yevropa (Yunoniston, Italiya), shuningdek, Amerika qit’asi (Markaziy Amerika)da monumental Rangtasvir rivojlandi. Maqbara ibodatxona, saroy va boy zodagonlarning uylari devorlariga turli mavzu va yo’nalishda asarlar ishlandi. Antik davrda me’morlik va haykaltaroshlik bilan uyg’unlashgan Rangtasvir diniy mazmun bilan bir qatorda oliy tavaqa maqsadlarita tavmat qildi, nursoya, chiziq va havo perspektivasi yuzaga keldi, maishiy va tarixiy lavhalar, manzara, portret, natyurmortlar yaratildi. Miloddan avvalgi 5-asrda Yunonistonda mum rassomligi (enkaustika)dagi dastgoh rassomligi haqida Fayyum portretlari tasavvur beradi. O’rta asrlarda Sharq mamlakatlarida monumental Rangtasvir san’ati o’zining haqiqiy gullashdavrini boshidan kechirdi. Hindiston (Ajanta), O’rta Osiyo (Tuproqqal’a, Varaxsha, Afrosiyob, Bolaliktepa) va boshqalarda nozik bo’yoqlar, nafis bezak ritmi, hayotiy kuzatishlarning yorqinligi xos bo’lgan miniatyura san’ati rivojlandi, Xitoy, Yaponiya, Koreyada shoyi va qog’ozga tush, akvarel va guash bo’yog’ida rasm ishlash sohasida yuqori cho’qqilarga erishildi. Uyg’onish davrida Rangtasvirning yangi qirralari yuzaga keldi, ilmiy asosga tayangan realistik san’at kamol topdi va jahon san’ati rivojida muhim o’rinni egalladi: ifoda tizimi hamda uning ilmiy asosi yaratildi. Perspektiva, optika, plastik anatomiya borasida yutuqlarga erishildi, monumental Rangtasvir yuksak cho’qqisiga ko’tarildi, g’oyaviy boyidi, dastgoh Rangtasvir ijtimoiy hayotga keng ko’lamda kirib bordi. Texnikada suv bo’yoq o’rnini moybo’yoq egallay boshladi, lessirovka, valyor uslubiga qiziqish ortdi, lok—moybo’yoq texnikasi murakkablashdi, ko’p qatlamli Rangtasvir rivojlandi. Faktura masalalarida ham izlanishlar olib borildi, oq qoplamli (grunt) asosga silliq rangli qoplama asosga quyuq rang surtmalari (pastoz uslubi) bilan ishlashga e’tibor ortdi. 17-18-asrlarda Yevropa (Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Flandriya, Gollandiya, Buyuk Britaniya, Rossiya va boshqalar)da milliy Rangtasvir maktablari shakllandi, hayotni haqqoniy inqilobiy taraqqiyotda aks ettirish, inson ruhiy olamidagi nozik o’zgarishlarni, inson va jamiyat muammolarini ishonarli talqin etish muhim o’rinni egalladi. Rangtasvir janrlari kengaydi, monumental Rangtasvir bilan dastgoh san’ati keng rivoj topdi, uslubiy yo’nalishlari ko’paydi, tonal Rangtasvir yanada mukammallashdi. Pastel, akvarelga qiziqish ortdi. Yevropa san’ati (ayniqsa, dastgoh Rangtasvir)ning jahon xalqlari, jumladan, Sharq mamlakatlari san’atiga ta’siri sezilarli bo’ldi. 19-asrda Rangtasvir dunyoqarash bilan bog’liq dolzarb masalalarni hal etishga harakat qilib ijtimoiy hayotda muhim urinni egalladi, ijtimoiy hayotdagi mavjud illatlar o’tkir tanqid ostiga olindi, 19-asr mobaynida akademizmga asoslangan hayotdan uzoq, ideallashtirilgan obraz va qahramonlarni targ’ib qiluvchi asarlar maqtaldi, naturalizm an’analari shakllandi. Quruq, hayotdan uzoq so’nggi klassisizm va salon akademizmiga qarshi kurashda davrning murakkab, fojiali voqealariga bag’ishlangan shijoatli, ta’sirchan, nursoya nisbatlari keskin olingan, to’yingan, rangdor koloritli romantizm uslubi paydo bo’lib rivojlandi (Frantsiyada — P.Jeriko, E.Delakrua; Germaniyada — F.O.Runge, K.D.Fridrix, Rossiyada O.A.Kiprenskiy, K.P.Bryullov va boshqalar), hayotni o’ziga o’xshatib ishlash uslubiga asoslangan realistik Rangtasvir bu davrda yanada chuqurlashdi. Endilikda tasvirni na faqat haqqoniy bo’lishiga, balki hayotni kuzatish asosida paydo bo’lgan kechinma va taassurotlarni, hayol va o’ylarni ham ifodalashga harakat kuchaydi. Borliqning o’zidan kartina yaratish, nur, havo, kenglik ranglar tuslanishi va bir-birining rangiga ta’sir etish xususiyatlarini ham ishonarli ranglarda tasvirlashga intilish kengayib bordi (Angliyada — J.Konstebl, Frantsiyada — K.Koro, O. Dome, Rossiyada — A.G.Venesianov va boshqalar). Yevropada inqilob va milliy ozodlik harakati kuchaygan davrda demokratik realizm rivojlandi, xalqhayoti, ularning kurashlari ko’rsatildi, milliy tarix va zamonaning muhim voqealarini aks ettiruvchi kompozitsiyalar, jamiyatning Jasur va ilg’or kishilarining siymolari yaratildi. Rus inqilobiy demokratik estetikasi bilan bog’liq ijtimoiy tankdtsiy realizm rivojlandi. Peredvijniklar va ularga yaqin ijodkorlar (V. Perov, I.Kramskoy, I. Repin, V.Surikov va boshqalar) shu jarayonda faol o’rinni egalladilar. 19-asr 70-yillaridan rassomlar palitrasi toza spektr ranglari bilan boyidi; rassomlar ochiq havoda rasm ishlashni odat qila boshladilar. Bu borada impressionist rassomlar (K.Mone, K.Pissaro, A.Sisley va boshqalar) alohida o’rinni egalladilar. Ular Rangtasvir yuzasini tashkil etishda o’ziga xos yo’l tutib an’anaviy silliq fakturadan va shakllarning tugal chiziqli yechimidan voz kechish, ishlash uslubini yangilanishiga, toza spektr ranglarning erkin surtmalaridan foydalanib asar yaratishga erishdilar. Bu harakat keyinroq haykaltaroshlik, grafika, me’morlik, musiqa, adabiyot va boshqa san’at turlariga nisbatan ham qo’llanila boshlandi. 19-asrda moybo’yoq Rangtasviri yetakchi o’rinni egalladi, bunga uning texnikasi, shu davrda sanoatda ishlab chiqarilayotgan yangi bo’yoqlarning keng ko’lamda hayotga kirib kelishi bilan bog’liq edi. 19-asr Rangtasvirning yelim va moybo’yoq bilan asar yaratish usuli inqirozga tusha boshladi. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida shu san’atni qayta tiklash harakati boshlandi, uning yangi qirralari ochila boshlandi, san’atning bezak tomoniga e’tibor ortdi; me’morlik, tasviriy va amaliy san’atlar uyg’unligida yagona majmua yaratish ishtiyoqi shu davrda paydo bo’lgan modern uslubida namoyon bo’ldi. Bu davrda avangard yo’nalishi realistik Rangtasvirga kuchli raqobatda bo’ldi. Sharq va G’arb to’qnashuvi natijasida 20-asr Rangtasviri shakllandi, realistik san’atga raqobatda avangard san’ati rivojlanib bormoqda. Bu yo’nalish tarafdorlari ijodkor sub’yektiv kechinmalari, histuyg’ularini hayotiy, borliq shakllarida tasvirlashdan ko’ra o’zlarining xayollaridagi shakl va ko’rinishlar, harakatlari natijasida paydo bo’lgan shakl va chizikdarni tasvirlashni ma’qul ko’radilar. Avangard oqimlarining rivojlanishi natijasida borliqni tasvirlashdan umuman voz kechilib tasvir vositalari ham o’zgara boshladi (abstrakt san’at). 20-asr 60-yillar o’rtalaridan esa ayrim Yevropa va Amerika Rangtasvirida avangard san’ati — popartnpng unsuriga aylanib bordi. Bugungi kunda ushbu raqobat rivojlanib avangard tarafdorlari ortib bormokda. O’zbekistonda Rangtasvir san’ati qadimdan mavjud bo’lgan. Uning ilk namunalari ibtidoiy jamoa davriga borib taqaladi. Miloddan avvalgi 1-ming yillikning oxiri va milodiy 1-ming yillik boshlarida Rangtasvir o’zining gullagan davrini boshidan kechirgan (Afrosiyob, Varaxsha, Bolaliktepa, Tuproqqal’a va boshqalardagi devoriy rasmlar). Bu davrlar Rangtasviri yassi bezak yo’nalishida mahalliy (lokal) ranglarda bajarilgan. Amir Temur va Temuriylar davrida monumental Rangtasvir (devoriy rassomlik, mozaika) bilan birga miniatyura san’ati rivojlangan. Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahqib, Muhammad Murod Samarqandiy va b.ning asarlari dunyoga keldi. 19-asr o’rtalaridan boshlab Turkistonda dastgoh san’ati shakllana boshladi va 20-asrda o’zbek milliy Rangtasvir maktabi yaratildi. Rangtasvirning hamma tur va janrlarida asarlar yaratildi, miniatyura, vitraj san’ati qayta tiklandi. Bugungi kunda o’zbek Rangtasvir san’ati jahrn hamjamiyati bilan bir qatorda rivojlanmoqda, uning g’oyaviy plastik rivoji ustida rassomlar izlanmoqda, mehnat qilmoqda. Ad.: Taktash R.X., Izobrazitelnoe iskusstvo Uzbekistana, T., 1972; Iskusstvo Sovetskogo Uzbekistana, M., 1976. Nemat Abdullayev.