Rashidxon, Abdurashidxon
Rashidxon, Abdurashidxon (1509/10, Andijon — 1563, Xo’tan) Mo’g’uliston xoni (1533-63). Sulton Sa’idxonnnng o’g’li. Rashidxon Jasur sarkarda, usta mergan, sayyoh, turk va fors tillarida Rashidiy taxallusi bilan ijod qilgan shoir hamda turli musiqa asboblarini chala bilgan sozanda va bastakor bo’lgan. Mirzo Haydar o’zining mashhur «Tarixi Rashidiy» asarining nomini Rashidxon ismiga qo’yganligini ta’kidlaydi. Rashidxon otasi davrida (1521-22) Yettisuv va Oqsuv voliysi hamda otasi urush safarida bo’lganida xon noibi vazifasini bajargan. O’z hukmronligi davrida muvaffaqiyatli ichki va tashqi siyosat olib borgan. Xonlikka bo’ysunishdan bosh tortgan, xavf tug’dirgan qo’shni xonlik va qabila-urug’ (qozoq, qirg’iz, qalmoq, mo’g’ul)larga qarshi yurishlar (1537-38, 1544-45) olib borgan, chegaralarni mustahkamlagan. Ilm-ma’rifat, adabiyot-san’at va uning muxlislarining homiysi bo’lgan. Madrasa, maktab, masjid, xonaqoh, hammomlar qurdirgan. Islom dini va tasavvufning rivojiga keng yo’l ochib bergan. Naqshbandiya tariqatining yirik vakili Xoja Muhammad Sharif Rashidxonning piri, ustozi edi. Rashidxon davrida Yorkend shahrida «yashil madrasa», 360 hujrali 2 qavatli hammom, Rashidiya madrasasi qurilgan. Madrasada musiqa va xattotlikka alohida e’tibor berilgan. Turkiy xalqlarning madaniy merosi bo’lgan 12 maqom xonning rafiqasi Omonnisoxonim tomonidan tartibga solingan. Navoiyning o’lmas asarlari mazkur musiqa xazinasidan o’rin olgan. Xonning o’zi 12 maqomning 24 sho’basini yaxshi bilgan. Rashidxon «Devoni Rashidiy», «G’azaliyoti Rashidiy» va «Salotinnoma» kabi asarlar muallifi. Biroq ular bizgacha yetib kelmagan, faqat turkiy va forsiy g’azal va ulardan namunalar qo’lyozma kitoblarda tilga olinib, qo’shiklarda aytilib kelinmoqda. Omonbek Jalilov.