Rasulqori Hofiz Mamadaliyev
Rasulqori Hofiz Mamadaliyev (1928.7.6, O’sh viloyati, Suzoq qishlog’i — 1976.8.9, Buvayda tumani) — xonanda, sozanda (tanbur, dutor, skripka) va askiyachi. Jarangdor, tiniq va jozibali ovoz sohibi. Ehtirosli va shiddatli ijro uslubini yaratgan. Musiqadan ilk saboqlarini Kamoliddin Hamroqulov (keyinachlik hamnafasi), usta qurbonlardan olgan. Ko’zi tug’ma ojiz Rasulqori Hofiz noyob iste’dod va kuchli xotira egasi bo’lib, ko’pgina ashula va cholg’u yo’llarini grammplastinka yozuvlari orqali o’zlashtirgan. Keyinchalik J. Sultonov, M. Uzoqov kabi ustoz san’atkorlarning ijrochilik an’analarini o’rgangan. Repertuaridan maqom va mumtoz ashula yo’llari («Bayot I—V», «Dugoh Xusayn I—VII», «Segoh», «Beboqcha», «Bozurgoniy», «Galdir» va boshqalar), zamonaviy bastakorlar asarlari («oqibat», «topmadim», o. Xotamov; «Kuygay», «Judo», Yu.Rajabiy; «Sallamno», N.Hasanov; «18 yoshingdadur, M.Mirzaev; «Dilrabolardan biri», J.Sultonov), katta ashulalar («aylading ketding», «Oh kim», «Izlarman» kabi), xalq Yalla va ashulalari («Ey do’st», «Hayhay», «Oromijon») o’rin olgan. Ijroda so’z talafuzining aniq va burroligi, soz va ovoz mutanosibligiga erishgan. Cholg’u va ashula yo’llarini, marsiyalar bastalagan («g’azalxonlik», «Mehmonsan», «Dorman» va boshqalar).