Ravish
Ravish — mustaqil so’z turkumlaridan biri; harakat va holatning belgisini, shuningdek, belgining belgisini bildiradi. Ravishlarning quyidagi ma’noviy turlari mavjud: holat (tarz) Ravishlari (tez, sekin, piyoda kabi); o’rin Ravishlari (uzoqda, yaqindan, pastda kabi); payt Ravishlari (hozir, kecha, bugun kabi); daraja-miqdor Ravishlari (ancha, sal, kam kabi); maqsad Ravishlari (ataylab, jo’rttaga kabi); sabab Ravishlari (noiloj, ilojsiz, chorasizlikdan kabi). Payt, o’rin va maqsad Ravishlaridan boshqa barcha Ravishlarni, eng umumiy xususiyatlariga ko’ra, bir turga kiritish va ularni holat (tarz) Ravishlari deb atash mumkin. Ravish mustaqil so’z turkumi sifatida quyidagi morfologik xususiyatlar bilan ajralib turadi: 1) daraja kategoriyasiga ega: tez, ko’p (oddiy daraja) — tezroq, ko’proq (qiyosiy daraja) — eng tez, juda ko’p (orttirma daraja) kabi; 2) o’zgarmas bo’lib, ko’pincha fe’llarga bog’lanib keladi: so’rida qat-qat duxoba ko’rpachalar ustma-ust to’shalgan edi; 3) Ravish ayrim o’rinlarda sifat va otga bog’lanib kelishi ham mumkin. Bunday hollarda Ravish belgining belgisini yoki predmetning belgisini emas, o’zi bog’lanib kelgan sifat yoxud otdan anglashilgan harakatxrlatning belgisini bildiradi: Kecha havo juda sovuq edi. U hozir beqiyos va tasavvur qilib bo’lmas Baxtiyor edi; 4) Ravish yasovchi muxsus qo’shimchalarga ega: cha, ona, larcha, lab va boshqalar; 5) turlanmaydi va tuslanmaydi (otlashish hollari bundan mustasno). Ravishlar morfologik va sintaktik usullar bilan yasaladi: do’stona, qahramonlarcha, oylab (morfologik usul), har zamon, shu on, bir dam (sintaktik usul) kabi. Ravishlar tuzilishiga ko’ra, sodda (kamtarona, vijdonan, butunlay), qo’shma (har dam, bir yo’la, ozmuncha, har qachon), juft (kecha-kunduz, qishin-yozin) va takroriy (oz-oz, tez-tez, ko’p-ko’p) turlarga bo’linadi. Ravishlarning anchagina, juda, kam, kam-kam kabi shakllari modal shakl hisoblanadi. Ravishlar gapda hol, aniqlovchi va kesim vazifalarida keladi. Ravishlar belgi anglatish xususiyatlari bilan sifatlarga o’xshaydi, ammo grammatik xususiyatlari jihatidan ular o’zaro farqlanadi: sifatlar predmetning belgisini, Ravishlar esa harakat yoki holatning belgisini bildiradi; ularning gapdagi, ya’ni sintaktik vazifasi ham o’zgachadir. Ad.: O’zbek tili grammatikasi [morfologiya, 1-j.], T., 1975. Ilhomjon Madrahimov.