Ravoq

Ravoq — toqning bir turi; bino devorlaridagi deraza va eshik o’rinlarining yuqori qismiga qo’yiladigan mehrobiy yoysimon qurilma. Ravoq yo’nilgan, tabiiy yoki sun’iy toshlar, beton, temir-beton, yog’och va po’lat singari materiallardan ishlanadi. Ravoqning tayanch qismi tovon, Markaziy ponasimon g’ishti yoki toshi esa qulf deb ataladi. Ravoqlar shakliga ko’ra: yakka markazli, yarim aylana shaklli, baland markazli taqasimon, bir necha markazli nayzasimon, tuxumsimon bo’ladi. Hozirgi zamon inshootlarida ichki kuchlanishlarni kamaytirish maqsadida Ravoqlar 2-3 sharnirli qilib ishlanadi. Ustunlarga tiralgan bir xil hajm va shakldagi Ravoqlar qatori qatorak (arkada) deb nomlangan. Ravoqlar dastlab qadimgi Sharq me’morligida vujudga kelgan. Qadimgi Rim me’morligida keng tarqalgan. O’rta Osiyo me’morligida Ravoqning turli xil mumtoz namunalari yaratilgan. Gumbazli binolarning xonalari ko’rkam, keng chiqishi ichkaridagi Ravoqlarga bog’liq bo’lgan. Ravoqlar bino yo’laklari, deraza va eshik tepalari hamda devorning gumbaz osti qismida bo’lgan. Ichki sathi turli shakldagi xona devorlarini Ravoqlar yordami bilan doira shakliga keltirilgan. Gumbaz tomni baland ko’tarib yopishda devorlar o’rniga yengil Ravoqlar o’rnatilgan. Gumbaz ustunlar yoki ustiga o’rnatilgan ustunlar ham bir-biriga Ravoqlar yordamida bog’langan. Agar Ravoqning kanoti keng bo’lsa, uning asosi yo’g’on, tepasi ingichka qilib zinali Ravoq qurilgan. Gumbaz osti Ravoqi eshik yoki yo’lak tepasiga o’rnatiladigan Ravoq bilan bir joyga to’g’ri kelsa, uni qo’sh Ravoq deyiladi. Katta gumbaz tomlar ustiga o’rnatiladigan Ravoqlarning ko’rkam chiqishi uchun ko’p qatlamli qilib qurilgan. Bo’yi va eni bir xil bo’lgan chorsi xonalarning devorlari ustiga 8-12 Ravoq va katta gumbaz tomlarda 16 Ravoqgacha o’rnatilgan. Kvadrat xona tomonlariga bittadan Ravoq o’rnatilsa, Chortoq deb nomlangan. Devorlar ustiga 8 Ravoq o’rnatib, ular tepasidan o’tgan halqa devorga yana 16 kichik Ravoqlar joylashtirish mumkin. 11 —17-asrlar me’morligidagi Ravoqlarning murakkab tuzilishlari g’ishtlarning o’ziga xos terilishi bilan bog’liq bo’lgan. O’zbekiston me’morligidagi nayzasimon Ravoqlarning 100 dan ortiq turi borligi aniqlangan. Xalqustalari amalda 1, 2, 3 va 4 markazli Ravoqlar qurilish uslubidan foydalangan. Zamonaviy qurilishlarda Ravoqlarning o’ziga xos tuzilishlari yaratilmokda (ko’prik, jamoat binolari va boshqalar). Ad.: Bulatov M. S, Geometricheskaya garmonizasiya v arxitekture Sredney Azii IXXI1 vv., M., 1978. Po’lat Zohidov.