Raxit
Raxit (Yunoncha rhachis — umurtqa), shirzada — yosh bolalarda uchraydigan kasallik. Organizmda vitamin D yetishmasligi tufayli fosforkaltsiy almashinuvining buzilishi natijasida kelib chiqadi. Raxitga ko’pincha bolaning chala tug’ilishi, quvvatsizligi, sun’iy ovqatlantirish sabab bo’ladi. Bola yaxshi parvarish qilinmasa, ochiq havo va quyosh nuridan bahramand bo’lmasa, noto’g’ri ovqatlantirilsa, uning organizmiga vitamin D yetarli miqdorda kirmaydi yoki ultrabinafsha nurlar yetishmasligidan terisida vitamin D hosil bo’lishi buzilib, Raxit kasalligi kuchayadi. Bundan tashqari, bolaning tez-tez kasallanishi, onaning homiladorlik vaqtida ovqat ratsionining buzilganligi ham Raxit kasalligiga sabab bo’ladi. Raxit kasalligi moddalar almashinuvining buzilishiga qamda turli a’zo va sistemalar ishining izdan chiqishiga olib keladi. Bu kasallikda fosfor va kaltsiy kabi mineral tuzlar almashinuvi ayniqsa kuchli buziladi. Ichakda kaltsiyning so’rilishi va suyaklarga o’tirishi o’zgaradi, bu — suyakning ingichkalashib, to’qimalarining yumshashiga, nerv sistemasi va ichki a’zolar ishining buzilishiga sabab bo’ladi. Kasallikning dastlabki davrida bemorning nerv sistemasida o’zgarishlar ro’y beradi: bola qo’rqoq, tajang, injiq yoki shalvillagan bo’lib qoladi; ko’p terlaydi, emayotganida yuzi, yotganida ensasi terga botadi. Bolani qichima bezovta qilganligi uchun u boshini yostiqqa ishqayverganidan orqa sochi to’kilib ketadi. Kasallik kuchayganda muskullar zaiflashadi, burishadi; kasal bola sog’lom bolaga nisbatan kech yuradi, qorni shishadi, ichi ko’pincha qotadi yoki suradi, keyinchalik suyak sistemasi o’zgaradi: yelka suyagi yassilanadi, boshi kattalashadi, peshona va kallaning tepa suyagi turtib chiqadi, peshona do’ng bo’lib qoladi, kalla tepa suyagi va ensa sohasidagi suyakning yumshashi kuzatiladi. Boshning katta liqildog’i o’z vaqtida suyaklanmaydi. Ko’pincha to’sh yonidagi qovurg’a suyaklari qalinlashadi. Bola yura boshlaganida oyoqlari X shaklida yoki o shaklida qiyshayadi. Ko’krak qafasining shakli ham o’zgaradi: yo oldinga turtib chiqadi yoki ichiga kirib ketadi. Raxitga uchragan bolalar turli yuqumli kasalliklarga (ayniqsa, zotiljamga) moyil bo’ladi. Raxit kasalligining oldini olish tug’ruqqacha bo’lgan davrda boshlanadi. Homilador ayol mumkin qadar toza havoda ko’proq bo’lishi, rejimga qat’iy rioya qilishi, to’g’ri ovqatlanishi kerak. Bola tug’ilganidan keyin uni parvarish qilishning barcha qoidalariga rioya qilish va iloji boricha ko’krak suti bilan boqish lozim. Raxitni davolashda vrachning ko’rsatmasiga muvofiq, vitamin D boshqa dorilar bilan birgalikda beriladi. Zarur bo’lgan hollarda vrachning tavsiyasiga muvofiq davo gimnastikasi, massaj, kvars lampasi bilan nurlantirish o’tkaziladi.