Reaktiv artilleriya
Reaktiv artilleriya — reaktiv snaryad (mina)larni otish uchun mo’ljallangan artilleriya turi. Reaktiv dvigatelning tortish kuchi hisobiga snaryadlar mo’ljalga yetkaziladi. Dushmanning jonli kuchlari, jangovar texnikasi, yadro hujumi vositalarini shikastlash va mudofaa inshootlarini buzish maqsadida snaryadlarni zalp bilan otish (birdaniga 6, 8, 10, 12, 16, 32 va hokazolar snaryadni otish) uchun mo’ljallangan. Reaktiv snaryadlar va ularni otuvchi qurilmalardan iborat. Snaryad (mina) larning nishonga to’g’ri borishini stabilizatorlar ta’minlaydi. Har qaysi snaryadda reaktiv dvigatel bo’lgani uchun uni otishda murakkab va katta artilleriya tizimi talab qilinmaydi. Reaktiv artilleriyaning otuvchi qurilmalari tank, bronetransportyor va avtomashinalarga o’rnatiladi. Reaktiv artilleriya birinchi marta 20-asr 30-yillarida SSSRda yaratilgan, 2-jahon urushida keng qo’llanilgan. Reaktiv artilleriyada stvolli va stvolsiz artilleriya tizimlari ishlatiladi. Stvolli tizimda stvollar soni 10-45 ta, snaryad (mina)larni otish uzoqligi 15— 25 kilometrni tashkil qiladi. Stvolsiz tizimda tutunsiz poroxli snaryadlar qo’llanadi. Ana shunday dala Reaktiv artilleriyasining stvolsiz tizimi 2-jahon urushi paytida norasmiy ravishda «Katyusha» deb ataldi (bu quroddan birinchi jangovar zalp 1941 yil 14 iyulda amalga oshirildi). «Katyusha» 2-jahon urushida juda muhim rol o’ynadi. 2-jahon urushida Reaktiv artilleriya. Germaniya armiyasida ham (5, 6 va 10 stvolli minomyotlar), AQSh armiyasida ham (114,3 mm va 182 mm li reaktiv tizimlar) qo’llanildi. Urugsdan keyin ko’p mamlakatlarning armiyalarida ham Reaktiv artilleriya keng tarqaldi.