Redusentlar

Redusentlar (lotincha reducens — qaytayotgan, qayta tiklanayotgan), destruktorlar — ulik organik moddalar bilan oziqlanib, uni minerallashtiradigan (destruktor) organizmlar. Redusentlar organik moddalarni parchalab, produsentlar o’zlashtira oladigan oddiy anorganik birikmalargacha olib keladi. Redusentlarga saprotrof bakteriyalar, zamburug’lar va bir qancha hayvonlar (yomg’ir chuvalchanglari, saprotrof hasharotlar, o’limtikxo’r hayvonlar) kiradi. Quruqlik ekosistemalarida organik qoldiqlarning parchalanishida tuproq hayvonlari (yomg’ir chuvalchanglari, hasharotlar va ularning lichinkalari), bakteriyalar va zamburug’lar katta ahamiyatga ega. Redusentlar yordamida o’rmonlar tuprog’ida har yili hosil bo’ladigan o’simlik qoldiklarining 90% ga yaqin qismi o’zlashtiriladi. Suv ekosistemasida Redusentlar funktsiyasini plankton hayvonlar bajaradi.