Rejalashtirish

Rejalashtirish — milliy iqtisodiyotning turli darajalarida (mikro darajada — korxonalar va ularning ayrim bo’linmalari, shuningdek, korxonalar guruhlari, tarmoqlar, sektorlar va mintaqalar miqyosida; makrodarajada — mamlakatning butun iqtisodiyoti miqyosida) ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tartibga solish va boshqarish shakllari. Joriy, qisqa muddatli (oylik, choraklik, yillik), o’rta muddatli (5 yillik) va istiqboldagi — uzoq muddatli (10-15 yillik) Rejalashtirishga bo’linadi. Sovet iqtisodiyotida xalq xo’jaligini markazlashtirilgan Rejalashtirish xo’jalik mexanizmining asosiy bo’g’ini hisoblangan va direktiv, manzilli, barcha xo’jalik yurituv sub’yektlar uchun majburiy bo’lgan. Rejalar tizimi mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning yagona xalq xo’jaligi rejasi, tarmoqlar va mintaqalar rejalari, shuningdek, korxonalar rejalarini o’z ichiga olgan. Rejalashtirishni davlat miqyosida maxsus organlar — SSSR Davlat plan (rejalashtirish) qo’mitasi va ittifoqdosh respublikalar Davlat plan (rejalashtirish) qo’mitalari hamda ularning viloyat, tuman bo’linmalari ishlab chiqqan. 1928 yildan boshlab SSSRda xalq xo’jaligini rivojlantirishning 5 yillik rejalari amaliyotga kiritilgan va bu tartib 1991 yilga qadar saqlanib keldi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida Rejalashtirish korxonalar darajasida biznes rejalar tuzish shaklida (ichki firma Rejalashtirish), kompaniyalar guruchlari darajasida korporativ rejalar shaklida amalga oshiriladi. Bir qator rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda makrodarajada Rejalashtirish davlat tomonidan tartibga solishning muhim va keng tarqalgan shakli bo’lib keldi. 1950-yillar o’rtalaridan bu mamlakatlarda indikativ Rejalashtirish, ya’ni tavsiya etiladigan, maslahat tarzidagi Rejalashtirish amalga oshirila boshladi. Bunday Rejalashtirish Frantsiya va Yaponiyada o’tgan asrning 70-yillariga qadar, ayrim mamlakatlar, masalan, Koreya Respublikasi va Tayvanda 80-yillar o’rtalarigacha amal qildi. Indikativ rejalarda ishlab chiqarish va iste’mol hajmlari, tuzilmasi, o’sish sur’atlari, narxlar dinamikasi, eksport va import, investitsiyalar va boshqalarning asosiy ko’rsatkichlari belgilanadi. Shuningdek, bu rejalarda bozor sub’yektlarini qo’yilgan maqsadlarni bajarish, rejali indikatorlar (ko’rsatkichlarni amalga oshirish) sari yo’naltirilgan iqtisodiy stimullar tizimi, daromadlar va bandlik, soliqlar bo’yicha bevosita va bilvosita dastaklari ham keltiriladi. Bu umumiy rejalar tizimi, shuningdek, milliy iqtisodiyotning ayrim sektorlari va tarmoqlarini rivojlantirish reja-prognozlarini ham o’z ichiga oladi. Reja bo’yicha tanlangan ustuvorliklarni moliya va sanoat guruhlari, tadbirkorlar uyushmalari, kasaba uyushmalari va boshqa manfaatli guruhlar bilan kelishib olish tartibi indikativ Rejalashtirishning tarkibiy unsuri hisoblanadi. Xuddi shu mexanizmlar muayyan davr davomida davlat boshqaruvidagi bunday shaklning iqtisodiy va ijtimoiy samaradorligini ta’minladi. 70-yillarning o’rtalaridan boshlab boshqarishni markazlashtirmaslik jarayonlari ta’sirida indikativ Rejalashtirish tizimi parchalanib ketdi va uning o’rniga uzoq muddatli strategik rejalashtirish usuli qaror topdi. Davlatning Rejalashtirish faoliyatida davlat buyurtmalari, kontraktlar tizimi vositasida amalga oshiriladigan biron-bir tarmoqni rivojlantirishga doir umumiy va maxsus davlat dasturlari hamda loyihalari — dasturlar bo’yicha boshqarish markaziy o’rinni egalaydi. Masalan, Frantsiyada umummilliy 5 yillik rejalar aksariyat holatda tadqiqot xarakteriga ega. Uning tarkibiy qismi sherik hamkorlar — tadbirkorlar, Markaziy va mahalliy hokimiyat organlari, kasaba uyushmalari va boshqa jamoatchilik institutlari tomonidan birgalikda moliyalashtirishni nazarda tutadigan loyihalardan iborat. Yaponiyada 5 yillik rejaning mohiyatini kelajak davrda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning kontsepsiyasi tashkil etadi. O’zbekistonda ham hukumat tomonidan Iqtisodiyot vazirligi va boshqa vazirliklar va idoralar ishtirokida strategik rejalashtirish tizimini barpo etish, shuningdek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 10-15 yilga mo’ljallangan uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish ishlari olib borilmoqda. O’zbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, 2004-2006 yillarda fermer xo’jaliklarini rivojlantirish kontsepsiyasi (2003), O’zbekiston Respublikasi aholisini 2010 yilgacha bo’lgan davrga mo’ljallangan ijtimoiy himoya tizimining yagona kontsepsiyasi (1995) va boshqa o’rta va uzoq muddatli dasturlar ishlab chiqilgan. O’zbekistonda davlat aktsiyadorlik korxonalarining rejalari negizini davlat buyurtmasi tizimi tashkil etadi. Rejalashtirishning turlari orasida ijtimoiy Rejalashtirish alohida ahamiyatga ega. Bunday Rejalashtirish milliy iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini oshirish, ijtimoiy jarayonlarni oqilona boshqarishning o’ziga xos shakli hisoblanadi. Bunday Rejalashtirishda ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholi turmush darajasi va sifatini tavsiflaydigan boshqa barcha ko’rsatkichlarni rejalashtirish nazarda tutiladi. O’rozmamad Qalandarov.