Rejissyorlik san’ati, rejissura

Rejissyorlik san’ati, rejissura — garmonik bir butun va muayyan yaxlitlikka ega bo’lgan tomosha, ko’rinish yaratish san’ati (teatr, kino, telefilm, tsirk va estradada). Rejissyor sahna asari yoki kinofilm yaratish jarayonida ijodiy xodimlar — aktyor, yakkaxon, rassom, kompozitorga (kino va televideniyeda operatorlarga ham) va yordamchi xodimlarga rahbarlik qiladi. Rejissyorlik san’ati drama teatrida pesa tanlash, uning g’oyasi, janr va badiiy xususiyatlari, tasvirlanayotgan davr, muallifning ijobiy uslubini o’rganishdan boshlanadi. Rejissyor asar talqini uchun sahna vositalarini izlaydi, har bir personaj xarakteri va umuman, spektakl talabiga monand aktyorlar tanlaydi, sahnaviy ritm va sur’atni belgilaydi, mizansahnalar yaratadi, rassom va kompozitor bilan hamkorlikda asarni badiiy bezash printsiplarini ishlab chiqadi. Realistik spektakldagi yaxlit va chuqur xaqqoniylik bir-biri bilan uzviy bog’langan «uch haqiqat» (hayotiy, ijtimoiy va saxnaviy) asosida yaratiladi (V. I. Nemirovich-Danchenko). Agar rejissyor ulardan birini e’tibordan chetda qoldirsa, boshqalari ishonarli chiqmaydi. Rejissyorlik san’atida aktyor bilan ishlash muhim o’rin tutadi. Rejissyorlik san’ati sahna ijodining mustaqil turi sifatida ajralib chiqquniga qadar, sahnalashtiruvchi vazifasini muallif, yetakchi aktyorlar bajargan. Uyg’onish davrida Yevropada sayyor professional teatr bilan birga muallif, aktyor va rejissyor vazifalarini o’tagan truppa rahbari ham yuzaga keldi. 16-17-asrlarda Rejissyorlik san’atining rivojiga U. Shekspir, J. Moler, Lope de Vegalar muhim qissa qo’shgan. Burjua ma’rifatparvarligi davrida Rejissyorlik san’ati nazariyasi yaratila boshladi (G. Lessing, D. Didro). G. Lessingning izdoshi F. L. Shreder Gamburg teatrida birinchi bo’lib, aktyor o’z rolinigina emas, pyesani ham to’liq o’rganishini joriy etdi. Bu printsiplarni F. Talma (Frantsiya) davom ettirib, Rejissyorlik san’atida klassitsizmdan romantik teatr tomon burilish yasadi. Rejissyorlik san’ati yuzaga kelishida 19-asrda meyningen teatri rejissyorlari (L. Kornek va boshqalar) muhim rol o’ynadi. Muallif matniga ehtiyotkorlik bilan qarash, tarixiy muqitni aniq aks ettirish, ommaviy sahnalarning uyg’unligiga erishish Meyningen rejissurasining ijobiy tomonidir. 20-asr boshlari G’arbiy Yevropa Rejissyorlik san’atida formalistik oqimlar hukmron bo’ldi (E. Kreg—Angliya, M. Reynxardt—Germaniya, A. Appia—Shveytsariya va boshqalar). 20-asrda G’arbiy Yevropa Rejissyorlik san’ati rus rejissurasi (K. S. Stanislavskiy, V. I. Nemirovich-Danchenko, E. B. Vaxtangov, V. E. Meyerxold, A. Ya. Tairovlar) ta’sirida rivojlandi. Rejissyorlik san’ati unsurlari o’zbek an’anaviy teatrida paydo bo’lgan. U korfarmon deb atalgan. 1914 yildan o’z faoliyatini boshlagan Yevropa shaklidagi o’zbek teatrida yozma drama asosida ish olib boruvchi va o’z spektakllarini bino ichida sahnada ko’rsatilishiga mo’ljallab tayyorlovchi malakali rejissyorlar yetishib chiqa boshlaydi. Rejissyorlik san’atining shakllanish jarayoni A. Avloniy, Hamza, M. Majidov (Uyg’ur) faoliyati bilan bog’liq. Dastlabki sahna asarlari ma’rifatchilik, targ’ibot-tashviqot ruhida talqin qilingan. Voqelikni hayotiy vositalar bilan naturalistik yoritish (sahnada rasmana uylar qurish, bug’i chiqib turgan ovqat, mevacheva ishlatish, buyumlardan foydalanish kabi), Personajlar xarakterlarini bo’rttirish, ijobiy qahramonlarni birinchi planda ko’rsatish bu davrda Rejissyorlik san’atiga xos xususiyatlardir. Moskvada ochilgan o’zbek drama studiyasida M. Uyg’ur, Ya. Bobojonov M. Muhamedovlar aktyorlik mahorati bilan birga Rejissyorlik san’ati asoslarini ham o’zlashtirganlar. Ular o’sha davr rus teatrida hukmron bo’lgan barcha oqimlarga katta qiziqish bilan qaragan. Ayniqsa, ularga E. Vaxtangov va V. E. Meyerxold rejissyorlik uslubi kuchli ta’sir ko’rsatgan. Mannon Uyg’ur boshliq eng yaxshi rejissyorlar badiiy-estetik jihatdan e’tiborli, realistik, kechinma, histuyg’ularga asoslangan sahna asarlari («Xamlet», «Boy ila xizmatchi» singari) yaratish yo’lidan borib, o’zbek rejissyorlik maktabiga asos soldilar. Sh. Qayumov, A. Turdiyev, J. Obidov, Z. Madaliyev, V. Fayozov, X. Mustafoqulov kabi atoqli aktyorlar ham Rejissyorlik san’ati rivojiga o’z hissalarini qo’shganlar. Opera teatrining tarkib topishi va taraqqiyotida rejissyorlardan M. Muhamedov bilan E. I. Yungvaldxilkevichning xizmati katta. Hoziegi o’zbek milliy akademik drama teatri, Muqimiy teatri taraqqiyotida N. V Ladigin, A. O. Ginzburg, I.V.Radun, ayniqsa, R.Hamroyev va T.Xo’jayevlar o’rni salmoqli bo’lib, drama, musiqali drama janrlarining Professional darajaga ko’tarilishi uchun ko’p kuch sarf qilishgan. 60-yillarning oxirlaridan rejissyor E.Masofoyev bir guruh aktyorlar bilan «yosh gvardiya» (hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi teatr) teatrini tashkil etib, poetik teatr yaratishga bel bog’laydi. 70-yillarning boshlarida teatr sahna madaniyati Yevropa darajasiga ko’tarilib, aholi ma’naviy hayotida muhim o’rin egallaydi. Bu davrda rejissyorlardan B.Yo’ldoshev, M.Ravshanov, M.Niyozmatov, R. Hamidov, K. Yo’ldoshev, B. Ixtiyorov va boshqalar ish boshladi. Ular turli janrdagi asarlarni saqnalashtirish asosida murakkab uslubiy vazifalarni bajarishga kirishadilar, hayot haqiqatini, inson ichki dunyosini ochishda turli vositalarni ishga solib, badiiy yaxlitlikka erishadilar. 70-yillarning oxiri — 80-yillarning boshlarida Rejissyorlik san’ati o’zbek teatrini ichdan yangilashga erishadi, eski mavzular, teatr ijrochiligi ham yangicha jaranglay boshlaydi. Ayniqsa, 80-yillar studiyachilik harakati kuchayib, teatrning badiiy salohiyati oshadi. Yosh rejissyorlar M.Vayl, N. Abdurahmonov, A.Abdunazarov, O. Salimov izlanishlari e’tiborli bo’ldi. O’zbekistonning mustaqilligidan so’ng teatr san’atida ham tub o’zgarishlar ro’y berdi. Sahna vositalari bilan tarixni yoritish buyuk ajdodlarimiz — allomalar, shoirlar va davlat arboblari shaxslarini gavdalantirishga e’tibor kuchaydi. Zamonaviy mavzularni aks ettirishda esa milliy vositalar keng qo’llana boshladi. Balet asarlarini sahnalashtirishni baletmeysterlar bajaradi, rejissyorlar ularga yordam berishadi. Balet baletmeysterlari orasida I.Yusupov faoliyati diqqatga sazovor. Rejissyorlik san’ati opera (shuningdek, musiqali drama va operetta)da musiqali teatr xususiyatlariga tayanadi. Bu yerda spektaklning asosini musiqa tashkil qilganligi uchun rejissyor dirijyor va xormeyster bilan hamkorlikda ish olib boradi. Kompozitor partiturasining sahnaviy talqini musiqali teatr rejissurasining asosiy xususiyatidir. Rejissyorlik san’atida qo’g’irchoq rejissyorligi alohida ajralib turadi. Respublika qo’g’irchoq teatri (Toshkent, 1939 yilda tashkil topgan), undan keyin Andijon, Samarqand, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Xiva, Termiz shaharlarida barpo etilgan qo’g’irchoq teatrlarida unlab rejissyorlar bu san’atning saviyasini kutarish, nainki bolalar orasida, balki kattalar orasida ham uning nufuzini oshirishda uz hissalarini qo’shmoqdalar. Qo’g’irchoq teatri rejissurasining rivojlanishida I. Yoqubov, M. Ashurova, S.V. Iogelson, Sh.Yusupov kabi rejlarning xizmatlari alohida. Radio va televideniyeda ham o’ziga xos Rejissyorlik san’ati vujudga kelgan. Mustaqillik yillarida maydon tomoshalari rejissyorligi shakllandi. Bu sohada faoliyat ko’rsatayotgan B.Yo’ldoshev, R.Hamidov, N.Otaboyev va boshqalar katta maydon va amfiteatrlarda tomosha qo’yish bo’yicha katta tajriba orttirishdi. Kinoda Rejissyorlik san’ati milliy kino shakllanishi bilan bog’liq holda rivojlana bordi. O’zbek ovozsiz kinosining dastlabki iillarida mahalliy hayotning o’ziga xos tomonlarini yaxshi bilmaydigan, o’z oldiga badiiy jihatdan jiddiy vazifa qo’ymagan rejissyorlar filmlar qo’ydi. 30-yillarning boshlarida milliy san’at arboblari (N.G’aniev, S. Xo’jayev, Y. A’zamov)ning rejissuraga kirib kelishi munosabati bilan xalq hayotining turli jabhalarini chuqur o’zlashtirish, ijodiy qayta ishlash, uslubiyjanr izlanishlar boshlandi. «Yuksalish», «Ajoyib ish», «Ramazon», «tong oldidan», «Yigit», «qilich» singari filmlar ishchilarning mehnat kundaligi, harbiy ish, dehqon harakati, o’lka tarixiga bag’ishlandi. Rejissyorlar mahalliy aktyorlar (O. Jalilov, E.Hamroyev, M.Qayumov, S.Iskanderov va boshqalar)dan foydalanishni yo’lga qo’ydilar. Haqiqiy milliy kinorejissuraning yuksalish davri 40-50-yillar bo’ldi. O’sha yillar Ya.Protazanov, A.Usoltsev— Garf, N.G’aniyev, K..Yormatov, Z.Sobitov, Y.A’zamov kabi rejissyorlar «Tohir va Zuhra», «Nasriddinning sarguzashtlari», «Alisher Navoiy», «Paxtaoy», «Boy ila xizmatchi», «Stadionda uchrashamiz», «Amirlikning yemirilishi» kabi yetuk filmlar bilan tanildilar. Shu davrda o’zbek kinorejissyorlarining obro’si respublikadan tashqariga ham yoyildi. 60-yillar milliy kinorejissurada sifat jihatdan yangi davr boshlandi, «O’zbekfilm»ga yangi yosh mutaxassislar (D.Salimov, R. Botirov, Yu.Stepchuk, A. Qobulov, Q. Kamolova va boshqalar) kelib qo’shildi. «Sen yetim emassan», «Laylak keldi, yoz bo’ldi», «yor-yor», «Surayyo», «Toshkent—non shahri» filmlari shu davrda yaratildi. Rejissuradan yangi — zamonaviy mavzu, yoshlar mavzusi keng o’rin oldi («nafosat», «Sevishganlar», «Yigit va qiz», «mahallada duvduv ran») va boshqalar. Shuningdek, keksa avlod rejissyorlarining yangi izlanishlari ko’zga tashlanadi («Maftuningman», «Furqat», «Fidoiy», «Natashaxonim» kabi). Rejissyorlarning professionallik jihatidan yuksaklikka ko’tirilishi turli mavzu va janrda ijod etishga keng yo’l ochdi. «Abu Ali ibn Sino», «dahoning yoshligi» (rejissyor E.Eshmuhammedov), «General Rahimov» (Z. Sobitov), «Ulug’bek yulduzi» (L.Fayziyev), «ikki dil dostoni» (K.Yormatov), «o’tgan kunlar» (Y. A’zamov) kabi filmlar o’zbek kinosiga katta shuhrat keltirdi. «Abu Rayhon Beruniy», «achchiq danak», «seni kutamiz, yigit» singari filmlar rejissurasi uchun kinofestival kabi anjumanlarda yuqori baholandi va sovrinlar bilan taqdirlandi. Hozirgi o’zbek kinosi dramaturgiyasidagi murakkab jarayonlar bilan birgalikda turli mazmun va shakldagi janrlar izlanmoqda, rejissura xarakteri o’zgarmoqda, yangiyangi nomlar kashf etilmoqda (aktyorlikdan chiqqan rejissyorlar va boshqalar). J.Fayziyev, I.Ergashev, Yu.Sobitov, F.Haydarov kabilar shular jumlasidan. Zamonaviy o’zbek kinosida yetakchi janrlardan bo’lgan komediya («siz kimsiz?», «Mo’jizalar maydoni», «yaratganga shukur», «bomba», «o’rtoq Boykenjayev», «Meshpolvon» va boshqalar) sermahsul bo’lmoqda. «Otamdan qolgan dalalar» (Sh.Abbosov), «Sevgi» (I.Ergashev), «Voiz» (Yu.Roziqov; festival bosh sovriniga ega bo’lgan), «piyoda» (R. Malikov) va boshqalar so’nggi yillar yaratilgan filmlardan namunalardir. Muhsin Qodirov, Jo’ra Teshaboyev.