Renaturatsiya

Renaturatsiya (re… va lotincha natura — tabiiy xususiyat) — denaturatsiyaga uchragan biopolimer (masalan, oqsil yoki nuklein kislota) molekulasining biologik nativ (faol) holatga o’tishi. Agar denaturatsiyada oqsil molekulasi ixcham taxlangan (tartibli) holatdan tartibsiz holatga o’tadigan bo’lsa, Renaturatsiyada buning teskarisi sodir bo’ladi, ya’ni oqsil molekulasining polipeptid zanjirida aminokislotalarning ketma-ketligi tartibi orqali ifodalanadigan birlamcha strukturasi qayta tiklanadi. 2 zanjirli DNK molekulasini 100° ga qizdirilganida asoslar o’rtasidagi vodorod bog’lar uziladi va komplementar zanjirlar bir-biridan ajralib, DNK denaturasiyaga uchraydi. Biroq, asta-sekin sovitilganda DNKning komplementar zanjirlari yana tiklanishi, ya’ni Renaturatsiya sodir bo’lishi mumkin. DNKning bu xususiyatidan sun’iy gibrid DNK olishda foydalaniladi.