Rentgenodiagnostika
Rentgenodiagnostika (rentgen va diagnostika) — rentgenologik tekshiruvga asoslanib, kasalliklarni aniqlash. Rentgenoskopiya va rentgenografiya usullari bor (rentgenografiyaning yana bir turi flyuorografiyadir). Rentgen nurlari odam tanasidan o’tayotganda turli zichlikdagi to’qimalarga turlicha yutiladi. Shu sababli, ekran yoki rentgenogrammada tasvir turlicha, ya’ni kora fonda oq dog’, oq fonda qora dog bo’lib aks etadi, ko’krak qafasi rentgen apparatida tekshirilganda uning tasviri ekranga uch xil — suyak (qovurg’a, o’mrov va umurtka suyaklari) quyuq soya, yumshoq to’qima (teri, yog’ hujayralari, muskul, nerv, tomirlar) krramtir soya, o’pka to’qimasi oqish soya bo’lib tushadi, yallig’lanish, o’sma hosil bo’lgan joy qorayib, o’pka to’qimasining yemirilgan joylari (masalan, o’pka kavernasi) oqarib ko’rinadi. Rentgenologning vazifasi shu tasvirlarni taxlil qilib, kasalliklarni aniqlashdir. Rentgenodiagnostikada ba’zi a’zolar (masalan, suyak, yurak, o’pka) tabiiy holicha, alohida tayyorgarlik ko’rmasdan tekshirilaveradi, ba’zi a’zo va sistemalar (masalan, me’da, qizilo’ngach, ichak va boshqalar)ni tekshirishda esa sun’iy kontrastlik hosil qilinadi, ya’ni tekshirilayotgan organga rentgenkontrast moddalardan yuboriladi. Rentgenodiagnostika usuli kasalliklarni aniqlash va profilaktik tekshirishda keng tarqalgan. O’zbekistonning shahar va qishloqlaridagi ko’pchilik kasalxona va poliklinikalar Rentgenodiagnostika apparatlari bilan jihozlangan. Respublikadagi tibbiyot institutlarining tegishli kafedralari va O’zbekiston rentgenologiya va radiologiya markazi Rentgenodiagnostikaga oid ishlarga tashkiliy-metodik rahbarlik qiladi. Hozirgi O’zbekisitonda o’ta zamonaviy yangi kompyuter va yadromagnitli tomografiya usullari keng qo’llanmoqda.