Repellentlar
Repellentlar (lotincha Repellens — o’zidan qochiruvchi, qaytaruvchi) — pestisidlar guruhiga kiradigan kimyoviy preparatlar. Hasharotlarni ular oziqlanadigan o’simliklardan, shuningdek, hayvonlar va odamlardan qochirishda qo’llaniladi. Repellentlar, asosan, qishloq xo’jalik o’simliklarini zararkunandalardan, odamlarni va hayvonlarni qon so’ruvchi xasharotlardan himoya qilishda ishlatiladi. Hayvonlar va o’simliklardan olingan Repellentlar (hidli o’tlar, o’simlik moylari va boshqalar)dan qadimdan foydalanib kelingan. Hozir amaliyotda, asosan, uzoq muddat ta’sir etadigan kimyoviy (sintetik) preparatlar — oddiy va murakkab efirlar, spirtlar, aldegidlar, efir moylari va boshqalar qo’llaniladi. Repellentlar hasharotlarning hid sezish, sanchishso’rish organlariga ta’sir etib, ularni izdan chiqarish, shuningdek, o’simliklarning hasharotlarni jalb etadigan hidlarini yo’qotish (masalan, limon moyi) asosida ta’sir ko’rsatadi. Repellentlar issiq qonli hayvonlar uchun kam zaharli qisoblanadi va shuning uchun amalda keng qo’llaniladi.