Repetek qo’riqxonasi

Repetek qo’riqxonasi — Sharqiy Qoraqumning Markaziy qismidagi qo’riqxona. Turkmanobod (sobiq Chorjo’y) shahridan 70 kilometr janubda. Qumli cho’lning tabiiy majmuini qo’riqlash va o’rganish uchun 1928 yilda Repetek qumli cho’l stansiyasi (1912) negizida tashkil etilgan. O’rta Osiyoning issiq joylaridan biri (eng baland harorati 50°; yillik yog’in 114 mm). Maydoni 34,6 ming gektar. Boshqa qo’riqxonalardan jo’yakjo’yak, do’ng barxanlar va ular majmui, shuningdek, Qoraqum cho’lida o’sadigan asosiy o’simlik turkumlari (oq va qora saksovul, Qandim, cherkez, quyonsuyak, borjok, quyonquyruq, yaltirbosh, Cho’lkuchala, lolaqizg’aldoq, sassiqquray, iloncho’p, tuyayaproq, shirach va boshqalar) bilan ajralib turadi. Hayvonot dunyosi ham xilma-xil. 1000 turdan ortiq hasharot (qo’ng’izlar, kapalaklar, kanalar, chumolilar va boshqalar), sudraluvchilardan 13 tur kaltakesak (Agama, gekkon, echkiemar va boshqalar), 8 tur ilon (charxilon, o’qilon, ko’lbor ilon va hokazolar), dasht toshbaqasi, 196 tur qush (xo’jasavdogar, qizilishton, qarg’a va boshqalar), sut emizuvchilardan 20 tur (quyon, yumronqoziq, qo’shoyoq, jayron, Qoraqol va hokazolar) yashaydi. Ad.: Rustamov A. K., Repetekskiy zapovednik. M., 1971. Abdushukur Xonazarov.