Reportaj
Reportaj (inglizcha report — yetkazmoq, xabar qilmoq) — jurnalistikaning informasion janr turi. Bu janrda jurnalist (reportyor) bevosita o’zi ishtirok etgan, shohidi bo’lgan, ko’rgan voqea-hodisalar haqida zudlik bilan yorqin, atroflicha xabar beradi. Bunda, odatda, muallif voqealarni o’z tilidan bayon etadi. Reportajda barcha informasion janrlar (lavha, hisobot, suhbat va shu kabilar) unsurlari qo’shilib ketadi. Unda badiiy obrazlar, tarixiy dalillardan keng foydalaniladi. Ommaviy axborot-aloqa vositalari turiga (matbuot, radioeshittirish, teleko’rsatuv) qarab materiallarni Reportaj orqali yoritishning ayrim o’ziga xos xususiyatlari bor. Matbuotda (asosan, gazetada) Reportaj voqeaband va mavzuli (turli vaqtda bo’lgan voqealar bir mavzuga birlashtirilib bayon etiladi) bo’lishi mumkin. Bunday Reportajlar, odatda, voqealar bo’lib o’tgan joylardan olingan fotosuratlar bilan bezatiladi. Matbuotda fotoreportajlar ham keng tarqalgan. Radio orqali beriladigan Reportajda voqealar obrazli, jonli so’zlar bilan tavsiflanib, hamma vaqt xronologik izchillik saqlanadi. Teleko’rsatuvlardagi Reportajda ekranda namoyish etilayotgan voqealar sharhlab beriladi.