Rerix Nikolay Konstantinovich

Rerix Nikolay Konstantinovich [1874.27.9 (9.10), Peterburg — 1947.13.12, Nagar, Hindistonning Panjob shtati] — rus rassomi, arxeolog, jamoat arbobi. Peterburg Badiiy Akademiyasida o’qigan (1893-97), Parijda malakasini oshirgan (1900-01). Rassomlarni rag’batlantirish jamiyati kotibi (1901 yildan) va uning qoshidagi rasm maktabi direktori (1906-18). Peterburg Badiiy Akademiyasi akademik (1909 yildan). «San’at dunyosi» birlashmasi a’zosi (1910-19 yillar uyushma raisi). 1918 yildan xorijda (AQSh va Hindistonda) yashagan. Rerix ijodi mavzuini uning arxeologiya hamda slavyan va Skandinaviya mamlakatlariga, 20-yillardan buddizmga bo’lgan qiziqish belgiladi («dozor», 1905; «Tibet. Monastir», 1942; ikkalasi ham rus muzeyida); dastlab tarixiy mavzularda asarlar yaratgan Rerix ijodida keyinchalik manzara, tabiat ko’rinishlari yetakchi o’rinni egallay boshladi: «chopar» (1897), «dengiz ortidan kelgan mehmonlar» (1901), «shahar qurmoqdalar» (1902) va boshqalar. Rerix, shuningdek, teatr dekorasiyasi (I.V.Stravinskiy, «Muqaddas bahor» baleti, 1913; A.P.Borodin, «Knyaz Igor» operasi, 1914 va boshqalar) va monumental san’atda ham ijod qilgan. Markaziy va Sharqiy Osiyoda yirik ekspeditsiyalar uyushtirgan (1924-28 va 1934— 35) hamda qimmatbaho arxeologik va etnografik materiallar to’plagan. 20-yillardan ma’rifatparvarlik faoliyati olib borgan Rerix jahon ahlining diqqatini jahon madaniy yodgorliklarini saklashga qaratdi; u ilgari surgan («Rerix pakti» deb atalgan) yo’nalish asosida 1954 yilda ko’p mamlakatlar tomonidan ma’qullangan «harbiy to’qnashuvlar chog’ida madaniy yodgorliklarni himoya qilish» xalqaro Gaaga konventsiyasi imzolangan. Rerixning o’g’li rassom Svyatoslav Nikolayevich (1904-1991) 1919 yildan Londondagi Qirollik akademiyasida, so’ng AQShning Kolumbiya va Garvard universitetlarida me’morlikdan ta’lim olgan; 1926 yilda ilk bor Hindistonga borgan, 1936 yildan esa o’sha yerda muqim yashagan. Otasi Rerixning ijodiy an’analarini davom ettirgan, portret (otasi Rerix portreti, 1937 va boshqalar), ramziy va janrli asarlar, ayniqsa, manzaralar («Himolay, quyoshning botishi», 1971 va boshqalar) yaratgan. O’zbekistonda Rerix asarlari ko’rgazmalari tashkil qilingan (1999). Moskvada xalqaro Rerixlar markazi tashkil qilingan (1991).