Retseptorlar
Retseptorlar (lotincha receptor — qabul qiluvchi) — tashqaridan (eksteroseptorlar) yoki organizmning ichki muhitidan (interoseptorlar) ta’sirotni qabul qilib va uni nerv impulslariga aylantirib, Markaziy nerv sistemasiga o’tkazib beradigan sezuvchi nerv tolalari uchlari yoki maxsus hujayralar. Eksteroseptorlar odam yoki hayvon tanasining tashqi yuzasida joylashgan bo’lib, tashqi muhit ta’sirotlari (masalan, yorug’lik, tovush to’lqinlari va boshqalar)ni, monomodal Retseptorlar faqat bir xil (masalan, mexanik ta’sir yoki yorug’likni), polimodal Retseptorlar esa har xil (masalan, kimyoviy va mexanik) ta’sirotni bir vaqtda qabul qiladi. Shuningdek, interoreseptorlar, birlamchi Retseptorlar va ikkilamchi Retseptorlar bor. Birlamchi Retseptorlarning tashqi ta’sirni qabul qiluvchi negizi sensor (sezuvchi) neyronda bo’lib, u ta’sirotdan bevosita (birinchi) qo’zg’aladi. Ikkilamchi Retseptorlarda esa ta’sirlovchi bilan sensor neyron oralig’ida tashqi ta’sirot energiyasini nerv impulslariga o’zgartiruvchi qo’shimcha maxsus hujayralar mavjud. Retseptorlar ta’sirlanishidan hujayra membranasida bioelektr potentsiallari reseptor potentsiallariga o’zgaradi. Bunda retseptor hujayra ritmik impulslarni bevosita hosil qiladi yoki ularni boshqa neyronda sinapslar vositasida paydo bo’lishiga olib keladi. Ta’sirotning uzoq davom etishi tufayli Retseptorlardan boshlanuvchi nerv tolasida impulslar chastotasi kamayib ketadi, natijada fiziologik adaptatsiya vujudga keladi. Har xil Retseptorlar funktsiyasi (masalan, vestibulyar apparatdagi va boshqa Retseptorlar) o’zaro bog’liq. Ular faoliyatini Markaziy nerv sistemasi boshqaradi. Retseptorlar funktsiyasi bioelektr potentsiallarini bevosita Retseptorlardan yoki u bilan bog’liq nerv tolasidan, shuningdek, Retseptorlar qo’zg’alishidan hosil bo’lgan reflektor reaktsiyalarni qayd etish yo’li bilan o’rganiladi. Farmakologik (hujayraviy yoki to’qima) Retseptorlar effektor hujayra membranasida joylashgan. Bular nerv va endokrin sistemaning boshqaruvchi hamda ishga tushiruvchi signallarini, ko’pgina farmakologik preparatlarning shu hujayraga tanlab ta’sir etishini kabul qiladi, ko’rsatilgan ta’sirni uning o’ziga xos biokimyoviy yoki fiziologik reaktsiyaga o’zgartiradi. Nerv sistemasining farmakologik Retseptorlar vositasida yuz beradigan ishi fanda yaxshi o’rganilgan.