Retsidiv
Retsidiv (lotincha recidivus — qaytalanuvchi, takrorlanuvchi) (tibbiyotda) — biror kasallikka uchragan bemorda mazkur kasallikning qaytalanishi. Ich terlama, paratiflar, virusli gepatitlarda kuzatiladi. Bemor o’zini engilroq his qila boshlagan va kasallik alomatlari yo’qola borayotgan davrda kasallik qaytadan avj ola boshlaydi. Bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi. Yuqumli kasalliklarga nisbatan olinsa, pasaya boshlagan gavda haroratining qaytadan ko’tarilishi Retsidiv boshlanishining darakchisi hisoblanadi. Odatda, Retsidiv dastlabki kasallikdan og’irroq o’tadi, chunki bemor betoblikdan so’ng hali kuch-quvvatini to’la tiklamagan bo’ladi. Retsidiv alomatlari paydo bo’lishi bilan vrach bemor ahvoliga mos keladigan rejim tayin qiladi va qo’shimcha dori-darmon va muolajalar buyuradi.